Xalqaro majburiyatlarni bajarish maqsadida 26-iyun “Xalqaro giyohvandlikka va giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurash” kuni munosabati bilan hamda narkotik moddalarni nazorat qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlangan joriy giyohvandlikka qarshi kurash oyligi doirasida Milliy xavfsizlik xizmati mamlakat huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan narkobiznesga qarshi kurash davomida musodara qilingan giyohvandlik vositalarining navbatdagi to‘plamini yo‘q qilish tadbirini o‘tkazmoqda.
23-iyun, juma kuni idoralararo komissiya tomonidan Toshkent shahridagi zavodlardan biridagi pechda 2 tonna 4,5 kilogramm giyohvandlik vositalari, jumladan, 22 kilogramm geroin, 1 tonna 154 kilogramm opiy, 101 kilogramm gashish, 384 kilogram marixuana, 337 kilogram ko‘knor, 170 grammdan ortiq yangi turdagi psixofaol vositalar (“Spays” va boshqalar) hamda katta miqdordagi ko‘knori xashagi, nasha va psixotrop moddalarni yoqib yuborish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Ashita Mittal, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Jon MakGregor, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi direktori Ahmed Mansurov bu illatning insoniyat boshiga solayotgan mislsiz fojialari, bugunga kunda xalqaro miqyosda va O‘zbekistonda giyohvandlikka qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar xususida so‘z yuritdilar.
Bundan tashqari giyohvandlikka qarshi kurashishni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi videorolik muallifi tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 1994-yildan buyon 57 tonna 443 kilogramm narkotik moddalar yo‘q qilingan.
Izoh (0)