Yevropaning ba’zi mamlakatlarida chidab bo‘lmaydigan issiq ob-havo hukmron. Undan, ayniqsa, ofis dress-kodi ishga shimlarda kelish majburiyatini yuklovchi erkaklar aziyat chekmoqda. Ulardan ba’zilari norozilik belgisi sifatida ishga ko‘ylak va yubkalarda keldi, ijtimoiy tarmoqlarda esa bu asta-sekin fleshmobga aylanmoqda. Erkaklar ko‘chaga ayollar kiyimida chiqib nimalarga erishayotganligi haqida Meduza nashri hikoya qiladi.
Yubka jaziramaga qarshi
19-iyun kuni Britaniyaning Bakingemshir grafligi fuqarosi Joui Barj jazirama tufayli ishga shortida keldi: u shu tariqa ofis dress-kodining adolatsizligi bilan kurashishga qaror qildi. Barj ofisga ayollar kabi ochiq oyoqlar bilan kelishga ruxsat berish-bermasliklarini tekshirib ko‘rmoqchi bo‘ldi (Shorti ish uslubi doirasida erkaklar uchun ruxsat berilmagan kiyim hisoblanadi). Rahbariyat uni kiyimini almashtirib kelish va shimda qaytishini talab qilib, uyga qaytardi. Biroq Jouini bu to‘xtatib qolmadi. U ishga qaytishda tizzadan yuqorida turadigan onasining ko‘ylagida qaytdi. Unda tushgan bir nechta suratni Twitter’ga ham joyladi.
Jouining ushbu harakatlarini ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va uning ish beruvchilari munosib baholadi: bir necha soatdan so‘ng u va kompaniyaning barcha xodimlariga kompaniya dress-kodni qayta ko‘rib chiqqanligi haqida xat keldi. Endi erkaklarga ishga tizzadan sal yuqori — qora, to‘q ko‘k yoki och sariq rangdagi shorti kiyishga ruxsat berildi.
Topqir britaniyalikning harakati boshqa yevropaliklarni ham dress-koddagi gender diskriminatsiyasiga qarshi chiqishga ilhomlantirdi. 20-iyun kuni Nant shahri avtobus haydovchilari — fransuzlar ishga yubkalarda chiqdi.
Kasaba uyushmasi a’zolaridan birining tushuntirish berishicha, jazirama va quyosh haydovchi kabinasidagi havo haroratini chidab bo‘lmas darajaga yetkazadi. Namoyishchilardan yana biri shortilarning taqiqlanishi mutlaqo asossiz ekanligi, sababi yo‘lovchi o‘rnidan haydovchi nima kiyganligi hatto ko‘rinmasligini ma’lum qildi.
Bu erkaklar noqulay dress-kodga qarshi noroziligi bilan bog‘liq birinchi holat emas. 2013-yilning yozida shved haydovchilari va mashinistlari ishga yubkalarda chiqqan edi. O‘shanda konditsioner bilan jihozlanmagan avtobus va poyezdlar kabinalaridagi havo harorati 35 darajagacha ko‘tarilgan edi. Shundan so‘ng transport kompaniyasi erkaklarga yon bosib, ish kiyimi qoidalarini qayta ko‘rib chiqqan edi.
Yubkalar zo‘ravonlikka qarshi
Jazirama erkaklar ko‘chalarga yubkalarda chiqishining yagona sababi emas. 2013-yilda hindistonlik erkaklar ayollarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik muammosiga e’tibor qaratish uchun yubkalar kiygan edi. Bu rasmiy norozilik aksiyasi bo‘lmasdan, tashkilotchilar ishtirokchilarni o‘z odatiy kunini yubkada o‘tkazishga: unda ishga, do‘kon yoki kinoga borishga undadi.
2015-yilda turkiyalik erkaklar ham ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi norozilik namoyishiga yubkalarda chiqdi. Bunga 20 yoshli Ozgejan Aslanning o‘limi sabab bo‘ldi: qizni avtobus haydovchisi zo‘rlashga uringan, u qarshilik ko‘rsatgani uchun haydovchi uni o‘ldirgan edi. O‘shanda ijtimoiy tarmoqlarda #ozgecanicinminietekgiy (“Ozgejan uchun mini-yubka kiy”) xeshtegi ostida fleshmob o‘tkazildi: erkaklar ayollarning hech qanday tashqi ko‘rinishi va kiyimi zo‘ravonlik uchun sabab bo‘la olmasligi belgisi sifatida kalta yubka va ko‘ylaklardagi suratlarini ijtimoiy tarmoqlarga joyladi.
2016-yilning 1-yanvarida Kyolnda ayol kishiga nisbatan sodir etilgan hujumdan so‘ng Amsterdam aholisi ham “yubka namoyishiga” qo‘shildi. Bunga Kyoln merining chiqishidan norozilik sabab bo‘ldi. Genrietti Reker sodir bo‘lgan hodisa uchun qisman ayollarning o‘zi ham aybdor ekanligini ma’lum qildi. Hujumdan keyingi matbuot anjumanida Reker ayollar hujumlar oldini olish uchun tegishli tarzda kiyinishi va o‘zini tutishi lozimligini ma’lum qildi. “Muammo ayollar qanday kiyim kiyishida emas, erkaklar o‘zini qanday tutishida”, — deya ta’kidladi namoyish tashkilotchilaridan biri.
Izoh (0)