Shavkat Mirziyoyev 21-iyun kuni “Mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda keltirildi.
Hujjatga ko‘ra, tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada liberallashtirish, eksportga mahsulot yetkazib berishni ko‘paytirishni rag‘batlantirish, mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarning raqobatdoshligini va moliyaviy barqarorligini oshirish, ortiqcha va eskirgan ruxsat berish tartibotlarini bekor qilish orqali ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish maqsadida 2017-yilning 1-iyulidan boshlab meva-sabzavot eksporti tartibiga o‘zgartirishlar kiritiladi. Jumladan:
tadbirkorlik subyektlariga yangi meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlari haqini oldindan 100 foiz to‘lash sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida eksport qilishga ruxsat etiladi;
o‘zi ishlab chiqargan tovarlarni xorijiy valyutaga ularning tannarxidan past narxlar bo‘yicha mustaqil ravishda yoki vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalarining tashqi savdo tashkilotlari orqali eksport qiluvchi tashkilotlarga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 26-martdagi PQ-1731-sonli qarori bilan tashkil etilgan Mahsulotlarni jahon bozorida haqiqiy vujudga kelgan, shu jumladan, tannarxidan past narxlar bo‘yicha eksport qilish masalalarini ko‘rib chiquvchi maxsus ekspert komissiyasi qarorlari asosida, soliq solish maqsadida tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) sotishdan olingan tushumlar miqdori tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) sotishning haqiqiy narxidan kelib chiqqan holda aniqlanadi;
o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlarni eksport qiluvchi tashkilotlar uchun amalda bo‘lgan imtiyozlar va preferensiyalar o‘zlari egasi bo‘lgan mahsulotlarni eksport qiluvchi tashkilotlarga tatbiq etiladi;
ilgari foydalanishda bo‘lgan mashinalar, asbob-uskunalar va mexanizmlarni ular tayyorlangan vaqtdan boshlab besh yil o‘tgandan keyin eksport qilish hukumat qarorlarisiz amalga oshiriladi;
keltirilayotgan va ishlab chiqarilayotgan tovarlarning muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish muddatlari uch ish kunigacha qisqartiriladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi xalqaro karantin qoidalarining o‘simliklar karantini sohasidagi milliy normativ hujjatlarga joriy etilishini ta’minlash bo‘yicha tadbirlar rejasini bir oy muddatda ishlab chiqishi ko‘zda tutilgan.
Qarorga keltirilgan sharhda aytilishicha, mazkur qaror me’yor va tartiblarining amalga oshirilishi respublikaning eksport salohiyatini kuchaytirish, eksport geografiyasini kengaytirish va diversifikatsiya qilish, tashqi bozorlarga mahalliy mahsulotlarni olib chiqishda zamonaviy marketing usullaridan faol foydalanish, shuningdek, mahsulotlar eksporti bilan shug‘ullanuvchi korxonalar sonini ko‘paytirish hamda ularning moliyaviy barqarorligini oshirishga yo‘naltirilgan.
Izoh (0)