Yangi sinov — operatsiya
O‘zbekistonlik bokschi Shohjahon Ergashev o‘zining o‘ninchi jangi oldidan qo‘lini jarohatlab olgani ma’lum qilingandi.Shunga qaramay, bokschi bir qo‘liga tayanib jang qilishga qaror qildi va tojikistonlik raqibini birinchi raunddayoq nokautga uchratdi. “Olamsport” nashrining xabar qilishicha, Ergashev AQShga yo‘l olguniga qadar jarohatlangan qo‘lini operatsiya qildiradi. Muolajaning qachonga mo‘ljallangani va qayerda o‘tishiga oydinlik kiritilmagan.
Yangi murabbiy — Abel Sanches
Bunga qadar bo‘lgan 10 ta jangini Rossiyada o‘tkazgan Shohjahon Ergashev AQShdagi faoliyati davomida taniqli murabbiy Abel Sanches bilan ishlaydi. Bu haqda “Olamsport” nashri xabar berdi.Sanches o‘z vaqtida qozog‘istonlik bokschi Gennadiy Golovkinni ham shug‘ullantirgan. Endilikda u o‘z maslahat va tajribasini o‘zbekstonlik charm qo‘lqop ustasiga berib boradi.
Yangi raqib — Abel Ramos
Shohjahon Ergashev professional ringdagi keyingi janglarini AQShda o‘tkazishi va uning chiqishlari Showtime kanalida namoyish etilishi xabar qilingandi. Endi esa 4-avgust kuni bokschiga kim raqib bo‘lishiga oydinlik kiritildi.Bunga qadar professional ringda 21 ta jang o‘tkazgan Abel Ramos ketma-ket 10 ta jangni nokaut bilan yakunlagan Ergashevga qarshi kurashib ko‘radi. 1991-yilda tug‘ilgan Ramos 17 ta jangni o‘z foydasiga hal qilgan bo‘lsa, yana 2 tasida raqiblari bilan murosaga rozi bo‘lgan. Mag‘lub bo‘lgan ikki jangining birida nokaut qabul qilib olgan.
Izoh (0)