Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan o‘z lavozimida kamida 5-sentabrga qadar qoladi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston futbol federatsiyasi Jahon chempionati saralash o‘yinlaridan keyin ishqibozlar va turli OAVda yuzaga kelgan vaziyatdan xabardor. Tashkilot milliy terma jamoaning keyingi taqdiri haqidagi bahs va munozaralar, taklif va murojaatlarni juda yaxshi tushunib turibdi hamda har bir futbol ishqibozi o‘zining shaxsiy fikriga, uni erkin ifoda qilish vakolatiga ega ekanligiga hurmat bilan qaraydi, deb yozdi matbuot xizmati.
Milliy terma jamoaning Jahon chempionati saralash o‘yinlaridagi ishtiroki, terma jamoa murabbiylar shtabi a’zolari atrofidagi xavotirli fikrlarga hurmat saqlagan holda O‘FF Samvel Babayan boshchiligidagi murabbiylar shtabiga ish va vazifani oxiriga yetkazib qo‘yish uchun imkoniyat beradi. O‘zbekiston terma jamoasining 31-avgustda Xitoyga qarshi safar o‘yini hamda 5-sentabr kuni Koreyaga qarshi Toshkentdagi o‘yinlariga jamoani Samvel Babayan tayyorlaydi.
Milliy terma jamoaning keyingi taqdiri bo‘yicha qaror 5-sentabr kungi Koreya bilan o‘yindan keyin qabul qilinadi.
Ma’lumot uchun, JCh—2018 saralashining “A” guruhida bunga qadar Xitoy, Qatar, Janubiy Koreya kabi termalar o‘z murabbiyini iste’foga chiqargandi. Bunda Janubiy Koreya termasi O‘zbekistondan yaxshiroq natija qayd etib turgan bo‘lsa, qatarliklar ustozi Xorxe Fosatti Janubiy Koreyani yutganiga qaramay vazifasidan ketgandi. Saralashda 4 ta uchrashuvni boy berganiga qaramay, Samvel Babayan o‘z ishida davom etadigan bo‘ldi.
Izoh (0)