Respublika qon quyish markazida 14-iyun — Xalqaro donorlar kuni munosabati bilan tadbir tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Respublika qon quyish markazi direktori R. Yo‘ldoshev, Gematologiya va qon quyish ilmiy-tadqiqot instituti direktori A. Saidov va boshqalar tadbirda ishtirok etdi.
Respublika qon quyish markazidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2011-yili 93 ming, 2016-yili esa 120 ming odam qon donori bo‘lgan.
“Qon berishga qaror qilgan donor insonlarga nafi tegishini bilishi lozim, — deydi yashnobodlik Abduvosit G‘ulomov. — Men mana o‘n besh yil ichida, markaz xodimlarining aytishicha, 42-marta qon topshiribman. Ilk bor donorlik qilganimda shifokorlar qon guruhim noyob va kam uchrashini, ko‘p bemorlar bunga muhtoj ekanligini aytgandi. Shundan so‘ng insonlarga yordam berishni dilimga tugdim. Har safar mana shu ezgu ishga qo‘l urganimda ruhiy va jismonan yengillik sezaman. Boshqalarni ham ana shunday xayrli ishga chorlab qolaman”.
Tadbirda donorlarga hamda hamkor tashkilotlar vakillariga faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Izoh (0)