“O‘zbekkino” milliy agentligi PROlogue — yosh kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar III respublika festivalini e’lon qildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: “O‘zbekkino”

Yosh iste’dodlarni izlab topish, ularning ijodini qo‘llab-quvvatlash va professional malakasini oshirish maqsadida o‘tkaziladigan festivalda 35 yoshgacha bo‘lgan kinoijodkorlar so‘nggi ikki yil mobaynida suratga olgan, umumiy vaqti 30 daqiqadan oshmaydigan qisqa metrajli badiiy yoki hujjatli-badiiy filmlari bilan ishtirok etishlari mumkin.

Arizalar 15-sentabrgacha qabul qilinadi, filmlar 1-oktabrga qadar saralab olinib, 16—20-noyabr kunlari ularning namoyishlari o‘tkaziladi.

21-noyabr kuni festival g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. G‘oliblar maxsus sovrinlar va diplomlar bilan taqdirlanadi.

Jumladan, “Eng yaxshi qisqa metrajli badiiy film” uchun bosh sovrin, “Eng yaxshi ssenariy”, “Eng yaxshi rejissorlik ishi”, “Eng yaxshi operatorlik ishi” bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi.

2017-yildan boshlab xorijiy kinoijodkorlar tomonidan yaratilgan qisqa metrajli filmlar ham festival asosiy dasturidan tashqarida namoyish etiladi.