Janubiy Koreya mezbonlik qilgan futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida Angliya termasi g‘olib chiqdi.
Inglizlar hal qiluvchi final o‘yinida Venesuelaga qarshi saf tortdi va Kalvert-Levinning 35-daqiqada urgan yagona goli evaziga muvaffaqiyat qozondi.
Angliya yoshlar terma jamoasi guruhda Argentinani 3:0, mezbon Janubiy Koreyani 1:0 hisobida mag‘lub etgan, Gvineya bilan esa 1:1 hisobida durang o‘ynagandi. Finalgacha ular Kosta-Rikani 2:1, Meksikani 1:0 va yarim finalda Italiyani 3:1 hisobida taslim qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Bunga qadar Angliya yoshlar terma jamoasi hatto finalga ham yetib kelmagandi. 1993-yil Jahon chempionatini 3-o‘rinda yakunlagan ingliz yoshlari, 1981-yilda 4-o‘rin bilan cheklangandi. 2017-yil ular mamlakat tarixida yangi sahifa ochdi.
Pol Simpson murabbiylik qilgan Angliya yoshlar terma jamoasida “Everton”ning 5, “Chelsi”ning 3, “Nyukasl”, “Tottenhem”, “Midlsbro”, “Liverpul” kabi klublarning 2 nafardan, shuningdek, “Bornmut”, “Arsenal”, “Brentford”, “Manchester Yunayted”, “Riding” kabi klublarning bir nafardan tarbiyalanuvchisi bor edi.
Yoshlar o‘rtasidagi mundialda eng ko‘p Argentina g‘olib chiqan — 6 marta. Braziliyada kuboklar soni 5 tani tashkil qiladi. Yevropaliklardan Portugaliya va Serbiya termalariga 2 martadan jahonda tengsiz bo‘lish nasib qilgan.
Izoh (0)