Turkiya politsiyasi mamlakat prezidentini qo‘riqlash xizmatining 24 yoshli xodimi Ramazon O‘zchelikning o‘limi yuz bergan holatni tekshirmoqda, deb yozadi “Vesti.ru”. U rus ruletkasini o‘ynab, o‘zini o‘ldirib qo‘ygani taxmin etilmoqda.
Hodisa 5-iyun kuni Istanbulda, O‘zchelikning ma’shuqasining uyida yuz bergan. Ayolning aytishicha, u yigitga odamlarning rus ruletkasini o‘ynagani aks etgan videolarni ko‘rsatgan. Shundan so‘ng O‘zchelik kamaridan to‘pponchasini olib, “bu o‘yinni mana bunday o‘ynash kerak” degan so‘zlar bilan qurolni boshiga tiragan. Ayol yigitni to‘xtatib qolishga uringan, ammo to‘pponchadan o‘q uzilgan.
Politsiyada ayolning so‘zlari rostligiga shubha qilish uchun jiddiy asoslar bor. U go‘yoki yigitga ko‘rsatgan videolarning birortasini ham dalil sifatida taqdim eta olmadi. Bundan tashqari, ayolning uyidan bir yo‘la to‘rtta mobil telefon topildi, u buni chet elga doimiy ravishda borib turishi bilan izohladi.
Shuningdek, ayolning buyumlari orasidan raqami ichida F harfi bo‘lgan bir dollarlik banknota topildi. Taxminlarga ko‘ra, bunday banknotalar yordamida AQShda yashovchi Fatxulla Gulen tarafdorlari bir-birlarini tanib oladi. Aynan Gulen Turkiya hukumati fikricha, 2016-yil iyulidagi davlat to‘ntarishiga urinish ortida turgan.
Prezident soqchisining o‘limini tekshirish bilan ayni paytda Turkiya politsiya boshqarmasining aksilterrorchilik departamenti shug‘ullanmoqda.
Izoh (0)