Myanma qurolli kuchlarining Y-8 harbiy-transport samolyoti 29 nafar yo‘lovchisi jasadlari Andaman dengizidagi qidiruv-qutqaruv operatsiyasi vaqtida topildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Asosiy qidiruv ishlari Tavoy shahridan janubi-g‘arbda, qirg‘oqdan taxminan 30 kilometr masofada olib borilmoqda. Qidiruv ishlariga Myanma harbiy-dengiz kuchlari kemalari, aviatsiya va mahalliy baliqchilar jalb etilgan.
Hozircha samolyotning omon qolgan birorta yo‘lovchisi topilgani yo‘q. Armiya qo‘mondonligi bayonotiga ko‘ra, qidiruv-qutqaruv operatsiyasi davom etadi.
Samolyot bortida 108 kishi — harbiylar va ularning oila a’zolari bo‘lgan. Yo‘lovchilarning 70 nafari tinch aholi vakillari bo‘lib, ularning 15 nafari bolalar edi. Ekipaj 14 kishidan iborat bo‘lgan.
Y-8 samolyoti 7-iyun kuni mamlakat janubidagi Tanintayi viloyatidagi Myey shahridan havoga ko‘tarilib, Yangon tomon parvoz qilayotgan edi. Samolyot bo‘laklari dengizdan topilgan.
Izoh (0)