Bokudagi Yevrosiyo universitetida ijodi Ozarbayjon adabiyoti bilan tig‘iz bog‘liq bo‘lgan O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamolning 80 yillik yubileyi nishonlandi. Bu haqda “Nuz.uz” xabar bermoqda.
Universitet rektori, professor Nozim Husaynli Ozarbayjon va O‘zbekiston adabiy munosabatlarining chuqur ildizlari haqida hikoya qildi. Jamol Kamolning Ozarbayjon adabiyotiga qo‘shgan katta hissasini e’tirof etdi.
Deputat, siyosatshunoslik fanlari nomzodi Ganir Pashayev shoirga Samad Vurg‘un, Baxtiyor Vahobzoda, Halil Rza va boshqa ozar adiblari asarlari targ‘iboti, Nizomiy Ganjaviy “Xamsa”sining o‘zbek tiliga tarjimasi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Jamol Kamolning xizmatlarini inobatga olib, O‘zbekiston xalq shoiriga Bokudagi Yevrosiyo universiteti faxriy doktori unvoni berildi va diplom taqdim etildi.
Shunday ijodiy uchrashuv Nizomiy Ganjaviy nomidagi adabiyot institutida ham bo‘lib o‘tdi.
Jamol Kamol tarjimasida Ganjaviyning “Sirlar xazinasi” hamda “Layli va Majnun” dostonlari Toshkentda chop etilgan. Hozirda u “Iskandarnoma” dostoni tarjimasi ustida ishlamoqda.
Izoh (0)