Google’ning haydovchisiz avtomobillar uchun texnologiyalar ishlab chiqaruvchi Waymo bo‘linmasi avtonom rejimda ishlovchi yuk mashinalarini sinovdan o‘tkaza boshladi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar bermoqda.
Waymo’ning ushbu loyihasi Uber’ga qarshi raqobatning yangi bosqichi sifatida baholanmoqda. Uber bir yil muqaddam avtonom yuk tashish sohasidagi ishlanmalarga ixtisoslashgan Otto kompaniyasini xarid qilgan edi.
Waymo vakilining so‘zlariga qaraganda, avtonom yuk mashinasining hozircha faqat bir namunasi bor. Sinov chog‘ida u qo‘lda boshqarilgan va kerakli ma’lumotlarni to‘plash uchun ko‘chalarda aylantirilgan.
Yaqinda Waymo va Otto o‘rtasidagi raqobat yangi bosqichga ko‘tarildi. 2017-yil fevralida Waymo Uber’ni sudga berib, Otto asoschisi Entoni Levandovski o‘zi faoliyat yuritgan Google ishlanmalaridan foydalanganini da’vo qilgan edi. 30-may kuni Uber Levandovskini darhol ishdan bo‘shatish qarorini qabul qildi.
Izoh (0)