O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi Sherzod Shermatov kabi kishilarni “Self-made man” deb atashadi. Ular barcha narsaga meros, qarindoshlar yordami yoki homiylar ko‘magida emas, o‘z aqli, bilimi, tirishqoq mehnati hamda beminnat hayotiy maslahat beruvchi ustozlari orqali erishadi.

Foto: “Daryo”

Foto: Xalqaro press-klub

O‘zbekistonda “Shum bola” filmini tomosha qilmagan kishi bo‘lmasa kerak. Sevimli filmimizning yakunlovchi sahnalari Toshkentdagi Eski shahar mahallalarida suratga olingan. Bizning bugungi suhbatdoshimiz ham o‘sha yerda o‘sib-ulg‘aygan.

Intervyu, monolog, dialog? Suhbat

Intervyuning har xil turlari bor. Janr klassikasi: qisqa savol — batafsil javob. Monolog intervyu ham bor. Hatto yana shunday intervyular borki, u yerda savollar javoblardan olti baravar uzunroq. Sherzod Shermatov bilan uchrashuvdan avval men ikki sahifali savollarni tayyorladim va unga oldindan jo‘natib qo‘ydim. Bizning intervyu 20 ta savol mavzusi bo‘yicha suhbat tariqasida kechdi.

Qanday qilib vazir bo‘lish mumkin?

O‘zbekistondagi bolalar shuni tushunishi kerakki, “faqat puling yoki tanish-bilishlaring bo‘lganidagina hayotda nimagadir erisha olaman” deb o‘ylash — xato. Bunday noto‘g‘ri fikrlashga nuqta qo‘yish vaqti keldi. Yaxshi o‘qish, quntli bo‘lish, doimo o‘z ustida ishlash va o‘z bilimlarini oshirish kerak, xayotda yaxshi insonlar bilan birga bo‘lib, ulardan o‘rganib maqsad sari intilib yashash kerak.

Men oddiy oilada ulg‘aydim: onam — o‘qituvchi, otam — muhandis. Qarindoshlarimiz yoki mahalladagi qo‘shnilarimiz orasida hech qanday katta rahbar lavozimida ishlaganlar bo‘lmagan. Meni tengqurlarimdan ajratib turgan yagona narsa — kitob o‘qishga qiziqish bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Har qanday faoliyatdan ko‘ra, darslik yoki foydali kitobni afzal ko‘rganman.

Yaqinda otam bolaligimdagi bir gapimni menga kulib eslatdilar. Yosh bola paytimda qo‘limga kitob olganimda otam men va akamga avtomobilni haydashdan avval uni yuvib tozalashni o‘rganishimiz kerakligi haqida aytgan ekanlar. O‘shanda men otamga: “Men o‘qib shunday martabaga erishamanki, mening o‘z haydovchim bo‘ladi”, — degan ekanman, o‘zi aslida mashinani yuvishga erinchoqlik qilgan bo‘lsam-da, dars qilishga erinmasdim.

“Mamlakatimiz mustaqilligi sharofati bilan shunday karyera qura oldim”

Men shunday karyeramni mamlakat mustaqilligi sharofati bilan qura oldim. Bu esa shunchaki quruq gap emas. Bizning balog‘at davrimiz mamlakatning shakllanish yillariga to‘g‘ri keldi. Arab tiliga ixtisoslashgan maktabdan so‘ng ingliz tili o‘rgatiladigan ilk litseylardan biriga kirdim. Ingliz tiliga qiziqish kuchli bo‘lgani va sinfdoshim bilan raqobat qilib o‘rganganim natijasida bir yildan so‘ng ingliz tili bo‘yicha olimpiadaga ham qatnasha oldim. So‘ng mamlakatdagi birinchi xorijiy OTM — Toshkent davlat texnika universitetining Malayziya biznes boshqaruvi fakultetida o‘qidim. “Umid” fondi orqali AQShning Yel universitetida magistraturani bitirdim.

Oddiy eski shaharlik yigitning dunyoning eng nufuzli universitetlaridan biriga borib o‘qishi albatta faqat mustaqilligimiz tufayligina amalga oshishi mumkin bo‘ldi. Ba’zi yoshlar “albatta tanish-bilish kerak” degan noto‘g‘ri tushunchada yuradi haligacha. Shunga aytib qo‘yganim ma’qul: Men kimningdir jiyani emasman. Nimagadir o‘z kuchingiz bilan erishgan bo‘lsangiz, jur’atliroq, dadilroq gapirasiz va shunday ish tutasiz, tilingiz uzun bo‘ladi.

Ta’lim muassasalarida ham, hayotda ham ustozlar borasida omadim chopgan: o‘z bilimi va tajribasini chin dildan o‘rgatadigan hamda hayotda yaxshi yo‘l ko‘rsata oladigan ustozlarimdan juda minnatdorman.

Elektron hukumat

Biz balandparvoz gaplarni aytishimiz kerak emas. Yerda yurish kerak. Mamlakatning har bir oddiy fuqarosi uydan chiqmasdan turib, davlat xizmatlaridan foydalana olgan vaqtdagina, biz “elektron hukumat” ishlayotganini ta’kidlay olamiz. Buning uchun esa hali ko‘p ishlarni qilish zarur.

Elektron hukumatni joriy etishni boshlagan vaqtimizda 2013-yilda biz birinchi bo‘lib Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalini — https://my.gov.uz/ yaratdik, toki istalgan kishi har qanday xizmatni bitta joydan ololsin.

Yechimni talab qilgan birinchi muammo — fuqarolar murojaatlarining ko‘rib chiqilishini tashkillashtirish edi. Avval qanaqa edi? Fuqarolarning minglab murojaatlari hatto ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan axlat qutisiga tashlanardi. Bu prokuratura tekshiruvlari chog‘ida aniqlangan.

Yagona portal joriy etilishi bilan murojaatlarning barchasi ro‘yxatga olina boshladi. Shu tariqa biz fuqaroning o‘z so‘roviga javob olishdek elementar huquqini ta’minladik.

Ikkinchi qadam: murojaatlarning ko‘zda tutilgan 30 kun ichida ko‘rib chiqilishini nazorat qilish. O‘sha paytlardayoq Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bunga shaxsan e’tibor qaratardi. Muntazam ravishda, har chorakda bir marta Bosh vazir ushbu masala bo‘yicha hukumat majlisini o‘tkazib, davlat organlarining 120 nafar rahbarlarini chaqirardi. U yerda fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishni kechiktirishgani uchun, yuqori lavozimlariga qaramay, barcha gap eshitardi.

Shu tariqa, ma’muriy qaror bilan, ish olg‘a siljidi.

Uchinchi qadam. Murojaatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, o‘z vaqtida javoblar berilishi masalalari hal qilingach, yangi muammo yuzaga keldi: rasmiyatchilik uchun yozilgan quruq javob xatlari. Ba’zi rahbarlar shunchaki “savolni yopish” uchun quruq javob bilan cheklanishni boshladi. Shunda biz javobni baholash tizimini kiritdik. Har bir vazirlik va muassasaga fuqarolarning qoniqish hosil qilganligi yuzasidan o‘rtacha baho qo‘yiladigan bo‘ldi. Bunday rasmiyatchilarning esa Bosh vazirga hisobot bergandan keyin “aqli kira” boshladi.

Shu tariqa fuqarolarning Yagona portalga nisbatan ishonchlari paydo bo‘ldi. So‘ngra ancha murakkabroq narsalarga o‘tdik. Masalan, sudlanmaganlik haqida ma’lumotnoma olish — biz yugur-yugurlarning yarmini qisqartirdik — ma’lumotnomani onlayn tarzda so‘rash va avvalgidek viloyatlardan poytaxtga kelmaslik mumkin bo‘ldi.

Shartnomalarni bojxonadan onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tkazishning joriy qilinishi tadbirkorlar uchun juda katta samara berdi. Bu biznes uchun xizmatlarning shiddat bilan rivojlanishiga ko‘mak bergan holda taraqqiyotga katta turtki berdi.

Ammo baribir men hali bu ishlardan qoniqish hosil qilishimga juda erta. Aholi orasida talabgir bo‘lgan xizmatlar hali yetarlicha emas. Yagona portalning yangi versiyasini ishlab chiquvchilar oldiga imkon boricha odamlarning ehtiyojlarini oldindan ko‘ra bilib, inson hayotining har bir bosqichini yengillashtirish vazifasi qo‘yilgan.

Hukumat shaffofligidagi yaxshi tomonga keskin o‘zgarishga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasining joriy etilishi bilan erishildi.

Shavkat Miromonovich tomonidan aholining to‘g‘ridan-to‘g‘ri unga murojaat qilishi tizimini ishlab chiqish topshirig‘i berildi va qisqa muddatda kuchli tizim joriy etildi. Davlat rahbariga arizalar, shikoyatlar va takliflarni uch xil usulda: (0 800) 210-0000 telefon raqamiga yoki “1000” qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilish; Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalariga tashrif buyurish yoki https://pm.gov.uz saytida murojaat yuborish orqali yo‘llash mumkin.

Virtual qabulxona sayti maksimal darajada sodda qilib ishlangan: elektron imzo identifikatsiyasi talab qilinmaydi. Bitta sahifa, bitta sayt, bitta telefon. Samarali oddiylik va qulaylik hatto pensioner kishining ham murojaat qila olishiga imkon beradi. Har bir ariza beruvchi o‘z arizasi qanday borayotganini kuzatib borishi, OAV va ijtimoiy tarmoqlar esa dolzarb muammolardan xabardor bo‘lib turishi mumkin.

“Prezident Shavkat Mirziyoyevning planshetida bugungi kunda Virtual qabulxona bo‘yicha hamma narsani ko‘rish mumkin: barcha statistikani ham, qaysi vazirlik murojaatlarni ko‘rib chiqishni kechiktirayotganini ham”

Prezident Shavkat Mirziyoyevning planshetida bugungi kunda Virtual qabulxona bo‘yicha hamma narsani ko‘rish mumkin: barcha statistikani ham, qaysi vazirlik murojaatlarni ko‘rib chiqishni kechiktirayotganini ham. Prokuraturaga fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish muddati o‘tkazib yuborilayotgani ustidan nazoratni o‘rnatish buyurilgan.

Siyosiy iroda, qattiq nazorat va “sehrli turtki”. Odamlar shuni tushundiki, ularning fikrlarini tinglashyapti, bularning barchasi vaqtinchalik kampaniya emas, balki xalq bilan doimiy muloqot. Jamoatchilikning oliy rahbariyat bilan bevosita muloqoti yo‘lga qo‘yilgan bir paytda mahalliy amaldorlar mahalliy muammolarni ortiqcha qog‘ozbozliksiz hal qilishga ko‘proq e’tibor berishga majbur bo‘lmoqda.

Mansabdor uchun “sehrli turtki”

Ko‘p narsalar ijrochidan qahramonona kuch talab qilmaydi. O‘zining xizmat vazifasi bilan bog‘liq bevosita majburiyatlarini bajarish kifoya.

Prezident Shavkat Miromonovich hududlarga borib, o‘sha viloyatga 30—40 ta murojaatni saralab olib kelardilar. Shu bilan birga, murojaatda ko‘rsatilgan muammoni yechish uchun hatto viloyat emas, tuman darajasidagi rahbarning aralashuvi kifoya qilardi. “Nima uchun hatto mana shunday oddiy masalani hal qilish uchun Prezidentning aralashuvi talab etiladi?” — deya haqqoniy savol beradi mamlakat rahbari.

Rahbarlarning muayyan bir guruhiga ular o‘zlari mas’ul etib tayinlangan ishni bajarishi uchun yuqorida turgan rahbardan “sehrli turtki” kerak. “Qo‘lda boshqarish” boshqaruv tuzilmalarida chuqur ildiz otgan.

Vicious Cycle Virtuous Cycle’ga qarshi

Toshkent axborot texnologiyalari universitetida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazilyapti. Davlat muassasasining dasturchilarni ishga taklif qiluvchi e’loniga ko‘zim tushdi, unga g‘urur bilan “Oylik 700 ming so‘m” deb yozib qo‘yilgan edi.

“Qanaqasiga? — deb so‘radim men ulardan. — Odam oilasini shuncha pul bilan boqadimi?”

“Bizda ish haqi fondi shunaqa”, — deb javob berishdi.

Nariroq yurdim, bir biznesmen turibdi.

“Siz dasturchiga qancha to‘lashga tayyorsiz?” — deya qiziqdim.

“Uch million”, — deya xotirjam javob berdi.

Mening o‘zgacha yuz ifodamga qarab yana qo‘shib qo‘ydi: “Qo‘shimchasiga ijtimoiy paket ham bor: uyali telefonni o‘zimiz beramiz, transportda yurish chiptasini sotib olamiz, tushlik bepul. Muvaffaqiyatli tarzda ishlasa, qo‘shimcha bonuslarni o‘ylab topamiz”.

Mana sizga Vicious Cycle (muvaffaqiyatsizlik sikli) va Virtuous Cycle (muvaffaqiyat sikli) kabi tushunchalarga eng yorqin misol.

Nima yuz beryapti? Biznes eng yaxshi mutaxassislarga baland maoshlar to‘lay oladi va shu tariqa kadrlarning “qaymog‘ini” oladi va o‘z biznesini rivojlantira oladi, natijada yanada yaxshiroq oylik bera oladi. Davlat organlariga esa endi “yog‘sizlantirilgan sut” keladi. Bular umuman o‘qimaganlar, dordan qochganlar, “qo‘ng‘iroq orqali” o‘qishga kirganlar, qo‘lidan hech bir ish kelmaydiganlar. Natijada davlat tashkiloti faoliyati yanada yomonlashadi, moliyaviy qiyinchilikka yuz tutadi va yaxshi oylik berolmaydi. Shuning uchun davlat boshqaruvidagi ko‘pchilik kompaniyalar ahvoli juda og‘ir.

Davlat xizmatida o‘zak qolmayapti. Tasavvur qiling: vazirlikda biznesdagidek maosh to‘lash uchun qancha ustama qo‘yish kerak?

Mana sizga Vicious Cycle — muvaffaqiyatsizlik sikli. Davlat organlarida kam ish haqi to‘lanadi, shu tufayli eng yaxshi mutaxassislarni ishga olish qiyin, xodim yetarlicha malakali bo‘lmasa va unchalik yaxshi ishlamasa, vazirlik va idoralar faoliyatining natijalari ham shunga yarasha yaxshi emas va shu tufayli maosh ham katta emas.

Biz Virtuous Cycle — muvaffaqiyatga eltuvchi siklni qurishimiz kerak. Biz eng yaxshilarni ishga olishimiz kerak, toki ular a’lo natijalarni ko‘rsatsin, yangi takliflar joriy qilinsin, muassasaning daromadi katta bo‘lsin, va ular katta maoshni to‘lay olsin.

— Balki bizda talabalar juda ko‘pdir?

— Yo‘q. Bizda boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim bilan qamrab olinish yaxshi. Ammo biz oliy ta’lim qamrovi bo‘yicha ancha pastda, dunyoning eng quyi o‘ntaligidamiz. Kvotalar 1991-yildan beri oshmagan, abituriyentlar soni esa o‘sib bormoqda.

Bitiruvchilar ishga kirolmay qoladi deb, qabul kvotasini oshirmaslik kerak deyish noto‘g‘ri. Qo‘lida universitet diplomi va bilimi bo‘lgan bitiruvchining ish topish imkoniyati maktab yoki kollej bitiruvchisinikidan kattaroq bo‘ladi. Faqat bu yildan kvotani oshirish bo‘yicha konkret ishlar boshlandi.

Birinchi navbatda ta’limga investitsiya kiritish kerak.

Davlat organlari tomonidan hozirgi vaqtda AKTni rivojlantirishni moliyalashtirishda kadrlar tayyorlashga ajratilayotgan ulush atigi bir foizni tashkil etadi, uni kamida 10—15 foizgacha yetkazish kerak.

Davlat organlari maqsadli ravishda kadrlarni tayyorlashi kerak.

“Qo‘lida universitet diplomi va bilimi bo‘lgan bitiruvchining ish topish imkoniyati maktab yoki kollej bitiruvchisinikidan kattaroq bo‘ladi”

Ushbu sohadagi muvaffaqiyatli faoliyatga ajoyib misol — Belarus Respublikasi.

Belarus buyurtmali dasturiy ta’minot ishlab chiqish bo‘yicha dunyoning 20 ta eng yaxshi mamlakatlari qatoriga kiradi. Ko‘p jihatdan bunga sohaning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi evaziga erishildi. Respublikada Yuqori texnologiyalar parki (YuTP)ni yaratishdi. YuTP rezidentlari daromad solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, yer solig‘i, ko‘chmas mulk solig‘idan ozod qilingan. Bu yerda shuni alohida ta’kidlash kerakki, Belarus YuTP — virtual Park. Huquqiy rejim butun mamlakat hududida amal qiladi.

Biz ham dasturchilar uchun ma’lum bir hudud bilan bog‘liq bo‘lmagan imtiyozlar, ish haqi uchun soliqni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar ustida ishlayapmiz. Ammo bizning konservativ fikrdagi moliyachilarimiz bilan qiyin. “Agar biz sizga oyliklarni oshirishga imtiyozlar bersak, ertaga shifokorlar, olimlar keladi. Pretsedent keltirib chiqarasizlar”, — deydi ba’zilari.

Ammo bu AKT mutaxassislarining maoshlarini “kulrang”dan “oq” tusga o‘tkazishning yagona yo‘li. Tez orada imtiyozlar bo‘yicha qaror chiqadi, deb umid qilaman. Bu dasturchi kompaniyalar faoliyati rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shishi kerak.

Xuddi shunday tegishli maosh va bonuslar bilan davlat xizmatiga kuchli mutaxassislarni jalb qilmasak, hech qanday islohotlarni amalga oshirolmaymiz.

“Agar davlat xizmatiga kuchli mutaxassislarni jalb qilmasak, hech qanday islohotlarni amalga oshirolmaymiz”.

Bizga “raqamlashtirilgan tartibsizlik” kerak emas

“Elektron hukumat” bo‘yicha noto‘g‘ri sodda nuqtai nazar bor.

“Bizning ishimizni onlaynga ko‘chirib bersangiz bo‘ldi”, — deydi muassasalar rahbarlari mana shuning o‘zi ilgarilash ekanligiga qattiq ishonib.

Ammo shu narsa aniq-ravshanki, onlaynga o‘tkazilgan hujjatlarni tasdiqlash, litsenziya berish, ro‘yxatdan o‘tkazish, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha murakkab jarayonlar butun mavjud tartibsizlik va chigalliklarni qog‘ozdan “raqam”ga ko‘chiradi.

“Raqamlashtirilgan tartibsizlik” qog‘ozdagisidan hech bir jihati bilan ustun emas.

Innovatsiyalardagi eng murakkab narsa — davlat organlarida biznes-jarayonlar reinjiniringi (Business process reengineering — BPR)ni joriy qilish. Nima uchun? Chunki davlat organining biznes-jarayonlarini reinjiniring qilish mutlaqo barcha ishbilarmonlik jarayonlarini tubdan qayta tushunib yetish va to‘liq qayta loyihalashtirishni talab qiladi. Busiz vazirlik va davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi muassasalar ishini tubdan yaxshilash (KPI’ni ko‘tarish) mumkin emas.

Biz doim takrorlab kelamizki, AKTni joriy qilishdan avval davlat organiga qanday funksiyalar va vazifalar yuklanganini hamda ularni amalga oshirish uchun qaysi tuzilmaviy bo‘linmalar va vazirlikka qarashli tashkilotlar mas’ul ekanligini aniq belgilab olish zarur.

AKTning o‘ziga xos jihati bor: agar vazifani noto‘g‘ri qo‘ysangiz, natija ham noto‘g‘ri bo‘lib chiqadi. Vazifalarni kim qo‘yadi? Davlat xizmatchisi.

Hatto qiyshiq qilib qurilgan uyda ham bir ilojini qilib yashash mumkin, ammo “qiyshiq” AKT tizimi ishlamaydi, xolos.

Dinamika quyidagicha: axborot xizmatlaridan interaktiv xizmatlarga, ulardan esa — tranzaksiya xizmatlariga. Davlat xizmatlari transformatsiyasi — eng murakkab bosqich. Bu shunchaki litsenziyalashni oflayndan onlaynga o‘tkazish emas.

“To‘g‘ri motivatsiya tizimi bo‘lmasa har birining tepasiga to‘rttadan videokamera qo‘ysangiz ham, mansabdorlar to‘g‘ri ishlashni boshlamaydi”

Mana, masalan, Inha universitetida Data-markaz uchun litsenziya olishdi. Savol tug‘iladi: Data-markazga litsenziya olish uchun Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati yoki Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi ruxsati nima uchun kerak? Bunday narsalarni hech bir davlat organining o‘zi ixtiyoriy ravishda tadbirkor uchun soddalashtirib o‘tirmaydi.

Ular bunday taklifning birortasi bilan ham chiqmaydi.

To‘g‘ri motivatsiya tizimi bo‘lmasa har birining tepasiga to‘rttadan videokamera qo‘ysangiz ham, mansabdorlar to‘g‘ri ishlashni boshlamaydi.

Ma’muriy islohot kerak. Biz barcha davlat organlari o‘rtasidagi yagona tizimni ishlab chiqmoqdamiz, u ijro tartibini ham, butun hujjatlar aylanmasini ham ko‘rsatib beradi.

Biznes-jarayonlarni boshqarishning shunga o‘xshash onlayn tizimi (On-nara) Janubiy Koreyada joriy qilingan. Bu hukumat tuzilmalaridagi barcha jarayonlarni raqamlashtirish orqali mahsuldorlik va mijozlarni boshqarishning integratsiyalangan tizimidir.

Ijrochiga uning back office’ida barcha hujjatlar, barcha buyruqlar ko‘rinib turadi. Har bir davlat xizmatchisi bitta dasturda ishlaydi. Yagona interfeys, o‘zining elektron-raqamli imzosi bilan ishlaydigan har bir davlat xizmatchisining ishi bo‘yicha barcha statistika ko‘rinib turadi.

Markaziy ma’muriy muassasalar va mahalliy hukumat organlari o‘rtasidagi vertikal va gorizontal aloqalar orqali axborot almashinuvi yuz beradi.

Ushbu tizim kim ishchan, kim esa bekorchi ekanligini darhol ko‘rsatadi.

Bunday tizim barcha vazirliklarda ijrochilik mas’uliyatini oshirishga yordam beradi. 2017-yilning iyulida markaziy apparatlar (devonlar) darajasida joriy qilishni boshlaymiz. Asta-sekinlik bilan tumanlar darajasigacha yetkaziladi. Bunga bir-ikki yil vaqt kerak bo‘ladi.

Vazirlikning Shared Vision’i

— Nima uchun biz siz bilan shanba kuni o‘tirib suhbatlashyapmiz?

— Chunki boshqa kuni vaqt yo‘q.

Foto: “Daryo”

Foto: Yuriy Korsunsev

— Sizning oddiy ish grafigingiz qanaqa?

— Ish kuni ertalabki to‘qqizdan kechki o‘n bir — o‘n bir yarimgacha. Dam olish kunlari rejim yumshoqroq. Sakkiz-to‘qqizgacha.

Ammo shuni tushuningki, hech kim bizga kechgacha o‘tirishni buyurmaydi.

Ustiga-ustak, men ham o‘z xodimlarimdan buni talab qilmayman.

Ammo soha juda katta, ishlarga kirishish, muammolarni anglab yetish, hamma narsaning mag‘zini chaqish kerak. O‘zim “qo‘lda boshqarish”ni yoqtirmayman, biroq u hamon ko‘p uchraydi. Jamoani mustahkamlash kerak. Bir necha marta e’lon berdik (saytni ochib, monitorda postni ko‘rsatdi: “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi IT sohasining bo‘lg‘usi yetakchilarini taklif qiladi”). Bunga vaqt kerak. Vazirlikka kelib qilgan birinchi ishim kadrlar zaxirasini ko‘tarish bo‘ldi. Hozir agar birorta kuchli mutaxassis ishdan ketsa, uning o‘rnini bosadigan kuchli odam yo‘q.

— Toshkent axborot texnologiyalari universitetida o‘n ming talaba va Toshkent shahridagi Inha universitetida 689 talaba o‘qiydigan bir paytda shunday holat kuzatilyaptimi?

— Inha universiteti o‘zining ilk 100 nafar mutaxassislarini 2018-yildagina yetishtirib chiqaradi. 2017-yilda u yerga 400 abituriyent qabul qilinadi. TATUga kelsak, u bilan bog‘liq muammo katta, uni yaxshilash kerak.

Biz zamonaviy fikrlaydigan odamlarni jalb qilishga intilamiz. Kadrlar bo‘lishi uchun yaxshi motivatsiya mexanizmi bo‘lishi kerak.

Shared Vision — umumiy qarash degan tushuncha bor. U maqsadlari va qadriyatlari mushtarak bo‘lgan muvaffaqiyatli tashkilotni yaratishda muhim ahamiyatga ega. Mening hamisha o‘z maslakdoshlarimdan iborat jamoam bor. Jamoasiz men hech kimman. Hozir jamoani kengaytirish va mustahkamlash kerak.

Bu yerda vaqt talab etiladi. Agar kadrlardan to‘liq qoniqqanimda bunday e’lonni joylashtirmagan bo‘lardim.

Mana, “O‘zbektelekom”da rahbarni o‘zgartirdik, unga Shuhrat Qodirov rahbar bo‘ldi, uch nafar o‘rinbosarni almashtirdik. Biz eng kattasidan boshladik.

“O‘zbekiston pochtasi” AJda hali muammolar juda ko‘p, to‘liq transformatsiyani o‘tkazish, ham moliyalashtirish, ham sug‘urta xizmatlari bilan shug‘ullanadigan, elektron tijoratni rivojlantiradigan yaxshigina zamonaviy kompaniyaga aylantirish kerak.

Ko‘pgina xizmat ko‘rsatadigan tuzilmaviy bo‘linmalar o‘z ustida ishlamay qo‘ydi, yumshoq budjetga ko‘nikib qoldi. Yuqoridan ko‘rsatma kutish kerak emas, balki ularni mustaqil tarzda pul ishlab topa oladigan tashkilotlarga aylantirish kerak.

— Hozir institutsional tarzda ishlash uchun hamma narsa — qonunlar, qarorlar bormi?

— “Davlat xizmati to‘g‘risidagi Qonun”, “Davlat xizmatlari va ma’muriy jarayonlar to‘g‘risidagi Qonun” kerak. 2007—2008-yillarda “interaktiv davlat xizmati” tushunchasi joriy qilindi, “davlat xizmati” tushunchasining o‘zi esa qonunda yo‘q edi. Davlat xizmati nima ekanligi, davlat xizmatchisi kim ekanligini aniqlashtirish kerak.

Budjetda ushbu mansabdor uchun maosh belgilanishi kerak va davlat xizmatini qanday sifatli amalga oshirilganiga qarab tegishli motivatsiya tizimi joriy etilishi shart.

Boshqaruv vazirligi kerak

Sizga bitta qiziqarli narsani aytaman. Dunyo amaliyotida “elektron hukumat” tizimi eng rivojlangan mamlakatlarda, shu soha uchun javobgar bo‘lgan vazirliklar nomlarida “aloqa, AKT, axborot” degan tushunchalar yo‘q. Janubiy Koreya, Xorvatiya, Norvegiyada bu bilan davlat boshqaruvi vazirliklari shug‘ullanadi. Fransiyada esa u yanada murakkabroq nomga ega — Fransiya budjet, davlat hisoblari va fuqarolik ma’muriyati.

Yana bir marta takror aytamanki, AKTni joriy qilishdan avval, birinchi navbatda davlat boshqaruvini yaxshilash kerak. Bu fikrni men doim ilgari surishga harakat qilib kelganman, ammo hozircha bunga erisha olmadim.

Hozir taraqqiyot strategiyasi tanqidiy ko‘rib chiqiladi, vazirlik transformatsiyasi bo‘ladi, ana shunda davlat boshqaruvining reinjiniringi muhimligini belgilab o‘tish hayotiy zarur bo‘ladi.

“Davlat xizmatida chuqur o‘zgarishlarni amalga oshirish vaqti keldi, biz esa tashqi interfeysli o‘zgarishlar bilan bandmiz”

Davlat xizmatida chuqur o‘zgarishlarni amalga oshirish vaqti keldi, biz esa tashqi interfeysli o‘zgarishlar bilan bandmiz.

Bizga: “Sizlar AKTsizlar, ana, borib o‘z AKTlaring bilan shug‘ullaninglar”, — deyishadi. Ammo bugungi rasmiyatchilikka asoslangan tartibsizlikni AKTga ko‘chirsak, hech qanday foydasi bo‘lmaydi. Hujjatlarni qisqartirish, ortiqcha jarayonlarni olib tashlash kerak.

Biroq davlat organlari bundan unchalik ham manfaatdor emasga o‘xshaydi.

Demak “sehrli turtki” kerak.

Koreyada islohot nima uchun muvaffaqiyatli kechdi? Chunki Davlat boshqaruvi va xavfsizlik vazirligi (2008-yilgacha — Davlat boshqaruvi va ichki ishlar vazirligi) har qanday xizmatlarni, har qanday shtat tuzilmasini va moliyalashtirishni qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ega edi.

Vazirlik qanday xizmatlarni ko‘rsatishi, qanaqa mutaxassislar va nechta kerakligini aniqlashtirish kerak. Shundan keyingina bunga qanday budjet kerakligini bilish kerak. Kim qancha smeta ololgan bo‘lsa, shuncha budjetga ega bo‘ladi, degan narsa bo‘lmasligi kerak.

Davlat xizmatchisining ish ko‘rsatkichini maosh bilan, motivatsiyasini fuqarolarning qoniqqanlik darajasi bilan bog‘lasak, ish chiqadi.

Siz qanchalik super AKT tizimini o‘ylab topmang, agar mas’ul vakolatli ijrochi arzimagan maosh olsa, u rag‘batlanmaydi va fikri davlat xizmatini yaxshilashga ishlamaydi, aksincha qanday qilib lavozimini suiste’mol qilish orqali shaxsiy manfaat undirish haqida o‘ylaydi.

Afsuski, budjetlashtirishda davlat xizmatchisi oyligidan tejashga harakat qilinadi-yu, kelajakda bu iqtisodiyotimizda milliardlab pul yo‘qotishga olib kelinishini o‘ylanmaydi.

Boshqaruv vazirligi biz bo‘lishimiz shart emas, ammo bunday davlat organi albatta zarur.

Biz siz bilan mamlakat hayotida inqilobiy islohotlar o‘tkazish mumkin bo‘lgan davrda yashayapmiz. Xalqning umidi katta. Kelinglar, birgalikda ishlaymiz. Mamlakatimizni bizdan boshqa hech kim rivojlantirmaydi.

Mehribon amaki kelishini kutish kerak emas. Hech kim kelmaydi, men buni o‘z xodimlarimga ham doim takrorlab kelaman. Amerikada yoki Yevropada yaxshi yashashyaptimi, demak ular buni o‘zlari uchun o‘zlari qurgan.

Va biz ham shunday qila olamiz.

Baxtiyor Nasimov, sharhlovchi.