Kanadaning Alberta provinsiyasida istiqomat qiluvchi Stiven Martin orzusini sevgilisi Kristin Piters bilan amalga oshirish maqsadida u bilan birga havo sharida parvoz qilishga qaror qiladi. Shu fursatdan foydalanib qizga turmushga chiqish taklifini bildirmoqchi bo‘lgan. Biroq romantik parvoz ayanchli voqea bilan yakunlanishiga oz qoldi. Bu haqda ABC News’ga tayanib, TJournal xabar berdi.
Parvoz Edmonton shahridan uzoq bo‘lmagan maydonda boshlangan. Havo sharida Martin va Pitersdan tashqari yana bir nechta odam bo‘lgan. Qurilma balandlikka ko‘tarilganida erkak sevgilisining qo‘liga nikoh uzugini taqqan va turmush qurish taklifini bildirgan. Piters taklifga darhol rozi bo‘lgan.
Shundan so‘ng 12 metr balandlikdagi havo shari tezlik bilan pastlay boshlagan va natijada daraxtga borib urilgan. Biroz vaqtdan so‘ng uchuvchi havo sharini eson-omon yerga qo‘ndirishga muvaffaq bo‘lgan.
“Biz yerdan 12 metr balandlikda edik va birdan havo sharimiz tebranib, shox-shabbalarning sinayotganini eshitdik va daraxtga borib urildik. Bu shu qadar tez ro‘y berdiki odamlar hatto qo‘rqishga ham ulgurmay qoldi”, — dedi Martin.
Martinning so‘zlariga ko‘ra, noxush hodisa oqibatida olingan eng katta jarohat — tirnog‘ining singani. Erkak yana bir marta havo sharida uchishga tayyor ekanligini bildirgan.
Izoh (0)