O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-may kuni “Eksportni yanada rag‘batlantirish va mahalliy mahsulotlarning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi, deb yozadi UzDaily.
Farmonga ko‘ra, xo‘jalik subyektlari 1-iyundan boshlab o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlarni (yangi meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz ekinlari, shuningdek, bir qator xomashyo mahsulotlari bundan istisno) oldindan to‘lovsiz, akkreditiv ochmasdan, bank kafolati rasmiylashtiruvisiz va eksport shartnomasi siyosiy va tijorat xavf-xatari sug‘urta polisiga ega bo‘lmasdan turib ham chet el valyutasida eksport qilishi mumkin.
Bunda shartnoma summasi 100 ming dollardan oshmasligi va valyuta tushumlari mahsulotlar eksport qilingan kundan boshlab 90 kun ichida qabul qilinishi kerak.
Tadbirkorlar eksport qiluvchi tashkilot avval ushbu tartibda amalga oshirilgan eksport uchun debitorlik qarzi bo‘lmagan taqdirda yuqoridagi shartlardan foydalanishi mumkin.
Farmonda ta’kidlanishicha, avval eksport qilish taqiqlangan buyumlar va mahsulotlarni endi Prezident yoki Vazirlar Mahkamasining qarori bilan eksport qilishga ruxsat beriladi.
O‘zbekiston rahbari, shuningdek, eksport-importi Vazirlar Mahkamasi qarori asosida beriladigan litsenziya bilan amalga oshiriluvchi maxsus tovarlar ro‘yxatidan zargarlik buyumlarini istisno qildi.
Izoh (0)