Kecha — 27-may kuni O‘zbekiston va Rossiya U21 terma jamoalari Olmaliq shahrida o‘zaro o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi.
Bu bilan o‘zbekistonlik futbolchilar 2018-yilgi Osiyo chempionatiga, rossiyaliklar esa Yevropa chempionatiga tayyorgarlik rejasini davom ettirdi. Uchrashuv rossiyaliklarning 4:3 hisobidagi g‘alabasi bilan yakuniga yetdi.
Birinchi bo‘limda Ravshan Haydarov murabbiylik qilayotgan O‘zbekiston termasi o‘z darvozasidan 3 ta gol o‘tkazib yubordi. Ikkinchi bo‘limda rossiyaliklar ustozi zaxira futbolchilarini maydonga tushirdi.
Shundan keyin mezbonlar ham Rossiya darvozasiga uch bor yo‘l topdi va o‘z darvozasidan yana 1 ta gol o‘tkazib yubordi. Yakuniy hisob — 3:4.
Rossiya termasi darvozasiga kiritilgan gollarning ikkitasi o‘z vaqtida Sergey Lushchan qadriga yetmagan “Bunyodkor” futbolchilari hisobiga yozildi: Zabihullo O‘rinboyev hamda Sardor Azimov. Yana bir futbolchi esa “Nasaf” tarbiyalanuvchisi Bobur Abduxoliqov.
Uchrashuvdan so‘ng O‘zbekiston ustidan zafar quchgan Rossiya termasi bosh murabbiyiga zarbof to‘n kiydirildi. Bellashuvni o‘zbekistonlik hakam Valentin Kovalenko boshqarib bordi.
Xalqaro o‘rtoqlik o‘yini “Olmaliq” stadioni 27-may, shanba
Izoh (0)