AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi Rossiya AQShdagi saylovlarga aralashishga intilayotgani haqida 2016-yil yozidayoq bilgan. Bu mavzuni MRB sobiq rahbari Jon Brennan Rossiya Federal xavfsizlik xizmati rahbari Bortnikov bilan suhbatda ochgan, deb yozadi “RBK”.
Brennan 2016-yil avgustida FXX rahbari Aleksandr Bortnikov bilan suhbat chog‘ida Rossiyaning saylovlarga aralashishi masalasini ko‘targanini aytdi. Bundan tashqari, u bilan Moskvadagi amerikalik diplomatlarga bosim o‘tkazishni muhokama qilgan. Brennan Rossiya “olov bilan o‘ynashayotgani” haqida ogohlantirgan. Bortnikov bu so‘zlarni Putinga yetkazishga va’da bergan.
Brennan Rossiya va AQShning alohida shaxslari o‘rtasida saylovlarga aralashuv borasida til biriktirish bo‘lgan-bo‘lmagani haqida bilmasligini, ammo ushbu masalani tekshirish va bu yuzasidan xavotirlanish uchun asos bo‘lganligini aytdi.
MRB sobiq rahbari saylovlarga aralashishga ehtimoliy urinishlar haqida Barak Obama va AQShning boshqa mansabdorlariga yetkazgan, shuningdek, bu mavzuni u kongressmenlar bilan muhokama qilgan.
Izoh (0)