Renault’ning Fransiya va Sloveniyadagi bir qancha zavodlari kiberhujumdan so‘ng vaqtinchalik to‘xtatildi. Bu haqda, AP’ga asoslanib, “Kommersant.ru” xabar bermoqda.
Fransiyaning Sanduvil kommunasi hamda Normandiya o‘lkasidagi zavodlar ishi to‘xtadi.
Sloveniya radiostansiyasining xabar berishicha, Renault’ning mamlakatdagi bo‘linmasi — Revoz mamlakat janubi-sharqidagi Novo-Mesto shaharchasida joylashgan zavodining ishini to‘xtatdi. Bu virus tarqalishining oldini olish uchun amalga oshirildi.
Bundan tashqari, Renault’ning Ruminiyadagi shu’ba korxonasi — Dacia avtomobilsoz kompaniyasi Mioven shahrida IT-tizimdagi nuqsonlar bois faoliyatini to‘xtatdi.
12-may kuni 70 dan ortiq mamlakat, shu jumladan, AQSh, Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, Italiya keng miqyosli kiberhujumga uchradi. Kompyuterga tushgan virus barcha fayllarni bloklab qo‘yib, ekranga tovon puli talab qilingan xabarni chiqaradi. OAVga ko‘ra, kiberhujum tashkilotchilari AQSh milliy xavfsizlik agentligiga tegishli dasturiy ta’minotdan foydalangan. Keyinchalik virusning tarqalishi domen nomining ro‘yxatga olinishi bilan to‘xtatildi.
Izoh (0)