Singapur oliy sudi bir qator sabablar, jumladan, tibbiy sabablarga ko‘ra, jismoniy jazolarni qo‘llash mumkin bo‘lmagan mahbuslarga qo‘shimcha qamoq jazosini qo‘llash haqidagi prokuratura talabini rad etdi. Bu haqda Straits Times gazetasi xabar bermoqda, deb yozadi “TASS”.
Jumladan, narkotiklar kontrabandasi uchun 20 yilga ozodlikdan mahrum qilish, shuningdek, 15 marta tayoq bilan urish jazosiga hukm qilingan mahbusga nisbatan ana shunday apellyatsiya qarori qabul qilindi. Tibbiy ekspertiza natijalariga ko‘ra, 48 yoshli Amin Abdulloh jismoniy jazo uchun yaroqsiz deb topildi, oqibatda sud jismoniy jazoni qo‘shimcha 30 oylik qamoq jazosiga almashtirdi. Mahbus hukmni qayta ko‘rib chiqish haqida iltimosnoma kiritdi. Biroq Oliy sud avvalroq chiqarilgan qarorni o‘z kuchida qoldirdi.
Shunga qaramasdan, sud raisi Sundaresh Menon qaror turli vaziyatlar, jinoyatlar og‘irlik darajasi va boshqa omillardan kelib chiqib qabul qilinishini ma’lum qildi. Uning aniqlik kiritishicha, qo‘shimcha muddat majburiy bo‘lmasdan, har bir sud tomonidan o‘z ixtiyoriga ko‘ra qabul qilinadi.
Singapurda jismoniy jazolar 18 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan erkaklarga nisbatan qo‘llaniladi.
Izoh (0)