Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolarining bir guruhi Buxoro viloyati Vobkent tumanida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yuksaltirish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
O‘rganish yakunlari xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida muhokama qilindi. Tadbirda Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlar, mahalliy hokimiyat boshqaruvi organlari, faollar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari ishtirok etdi.
O‘rganish davomida 300 dan ortiq xonadon, ko‘plab mahalliy davlat organlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, ijtimoiy soha muassasa hamda tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Muloqotlar jarayonida tuman darajasida hal etilishi lozim bo‘lgan, ya’ni aholi bandligini ta’minlash uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, tomorqani sug‘orishga xizmat ko‘rsatuvchi ichki irrigatsiya tizimini yaxshilash, dori vositalari narx-navosi ustidan samarali monitoring o‘rnatish bo‘yicha ko‘tarilgan 110 dan ziyod masala joyida ko‘rib chiqildi, ular yuzasidan davlat organlari va boshqa tashkilotlarga aniq taklif va tavsiyalar berildi.
Sessiyada maktabgacha ta’lim muassasalari, ichki yo‘llar, kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida, shuningdek, “Markaziy bozor” MChJda ahvol qoniqarsizligi, debitorlik qarzdorlikni bartaraf etishdagi sustkashlik, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar va boshqa masalalar ham atroflicha muhokama qilindi.
Amaliy tanqid ruhida o‘tgan sessiyada ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish borasida mavjud muammolarni o‘nglash bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Izoh (0)