Futbol bo‘yicha Argentina terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Diyego Maradona Messi va FIFA o‘rtasidagi vaziyatga izoh berdi, deb yozdi “Chempionat”.
Maradonaning fikricha, FIFA Messini kechirib, keragidan ko‘p yumshoqlik qilgan. Aslida esa hujumchi kichikroq bo‘lsa-da jazoga loyiq edi.Men Messiga yordam berishga harakat qildim. Biroq FIFAning so‘nggi qarorida hech qanday rol o‘ynamadim. Chetlatilgan o‘yinlar soni 4 ta edi va FIFA birdan uchtasidan kechib yubordi.Tashkilot qarori biroz nohaqlikdek. Chunki Leo kichik bo‘lsa-da jazoga loyiq edi. Men buni qo‘llarimni ko‘ksimga qo‘yib aytmoqdaman. Men Messiga bir yildan ko‘proq vaqt davomida ustozlik qildim. U menga futbolchidan ko‘ra ko‘proq yumshoq va momiq bolakayni eslatardi.
Diyego Maradona, “Al-Fujayra” bosh murabbiyi
Ma’lumot uchun, JCh—2018 saralashidan o‘rin olgan Chiliga qarshi uchrashuvdan keyin FIFA Messini 4 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilgandi. Orada futbolchi Boliviyaga qarshi uchrashuvni qo‘yib yubordi va o‘sha bellashuvda argentinaliklar 0:2 hisobida yengildi.
O‘tgan haftada esa FIFA Messini kechirishga qaror qildi va Argentinaning yaqin oradagi o‘yinida ishtirok etishga izn berdi. Boisi vaziyat yuzasidan Argentina futbol federatsiyasi apellyatsiya bergan, Messi esa ayblangani kabi hakamni haqorat qilmagani haqida aytib o‘tgandi. Keyinroq braziyalik hakamlar ham Messi ularni haqorat qilmaganiga iqror bo‘lgandi.
Ma’lumot uchun, Argentina terma jamoasi JCh—2018 saralashida 5-o‘rinni egallab turibdi. Bu esa Rossiya mundiali uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani bermaydi.
Argentinaliklarni oldinda Urugvay va Ekvadorga qarshi safar, Venesuela hamda Peruga qarshi uy uchrashuvlari kutib turibdi.
Maradona ikki kun avval BAA 1-ligasida to‘p suradigan “Al-Fujayra” klubiga bosh murabbiy etib tayinlangandi.
Izoh (0)