Profilaktika kuni tadbirlari munosabati bilan Farg‘ona viloyati Toshloq tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Hayotjon Sodiqov “Nayman” qishloq fuqarolar yig‘ini va “Istiqlol” mahallasida jinoyatchilik qayd etilmagani, profilaktika inspektori, kapitan Akmaljon Qurbonovning samarali faoliyati haqida gapirdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Shu kuni Nayman qishlog‘idagi Toshloq transport va qurilish kasb-hunar kollejida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda tuman hokimi, prokuror, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, viloyat tashkilotlaridan bir necha vakil ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, 2016-yilda va joriy yilning o‘tgan davrida “Istiqlol” mahallasida birorta jinoyat qayd etilmagan.
“Buning asosiy omili hamjihatlikda, – dedi profilaktika inspektori Akmaljon Qurbonov. – Mahalla faollari bilan barcha ishni bamaslahat amalga oshiramiz, ikki posbon – Oybek Haydarov va Jahongir To‘ychiyev hamisha men bilan ishlaydi. Hamkorlikda tungi navbatchilikni yo‘lga qo‘yganmiz. Mahalla ko‘chalaridagi har bir simyog‘och, hovlilar darvozasi ustiga yoritgich chiroqlari o‘rnatib chiqdik. Buning afzalligini shaxsan o‘zim bittama-bitta yurib, fuqarolarga tushuntirdim. Mana, hozir mahallamizning qaysi ko‘chasiga kirmang, yarim tunda ham kunduzgiday yorug‘. Xonadon egalari elektr energiyasiga ketgan pulga achinmaydi. Eng muhimi, tunda xotirjam uxlaydi, ko‘chalarda egri niyatli birorta shaxs yurolmaydi”.
Kapitan Akmaljon Qurbonovning xizmat hududida profilaktik nazoratdagi shaxslar ham mavjud. Masalan, yetti nafar muqaddam sudlangan, yetti nafar surunkali ichuvchi, ikki nafar norasmiy diniy oqimlar ta’siriga tushgan, ikki nafar oilaviy janjalkash bor, ular bilan muntazam tarbiyaviy ish olib boriladi.
Mahalla fuqarolar yig‘ini qoshidagi yarashtirish komissiyasi bilan hamkorlikda o‘tgan yili uch oilaviy ajrimning oldi olingan bo‘lsa, joriy yil birinchi choragida bitta shunday holatning oldi olindi.
Izoh (0)