Kecha — 28-aprel kuni O‘zbekiston futbol federatsiyasi mamlakatning 2016-yildagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi nomini oshkor qildi.
O‘FF matbuot xizmatining qayd etishicha, Odil Ahmedov 2016-yilning eng yaxshi futbolchisi nomiga sazovor bo‘ldi. Ovoz berish jarayonida mamlakat milliy terma jamoasi sardori 33 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.
Ma’lumot uchun: Odil Ahmedov bunga qadar 2009, 2011, 2014 va 2015-yilgi mavsumlarda ham O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan.
So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 2016-yilgi mavsumni O‘zbekiston chempionatida to‘purar bo‘lib yakunlagan “Lokomotiv” hujumchisi Temurxo‘ja Abduxoliqov 22 ochko bilan ikkinchi bo‘ldi.
Bu qiziq. Odil Ahmedov 2016-yilgi mavsumni Rossiyaning “Krasnodar” klubi safida, Abduxoliqov esa O‘zbekistonning “Lokomotiv” klubida o‘tkazgandi. So‘rovnoma natijalari e’lon qilinganida Abduxoliqov Qatarning “As-Sayliya” klubi bilan Yulduzlar ligasining bitta davrasini yakunladi. Ahmedov esa Xitoyning “Shanxay SIPG” klubida uch oy mehnat qildi.
2016-yilning eng yaxshi murabbiyi sifatida Ro‘ziqul Berdiyev tan olindi. “Nasaf” bu murabbiy bilan chempionatning bronza medallarini qo‘lga kiritgandi. Oltin va kumush medalga ega chiqqan “Lokomotiv” hamda “Bunyodkor”ni xorijlik mutaxassislar — avstraliyalik Mirko Yelichich hamda rossiyalik Sergey Lushchan boshqargani boisidan, OAV ularga ovoz berish huquqiga ega emasdi.
Shunga qaramay, “Lokomotiv” matbuot anjumanlarida ishtirok etadigan Andrey Miklyayevga ikkinchi o‘rin nasib qildi. “Temiryo‘lchilar” o‘tgan mavsum nafaqat mamlakat chempioni va kubogi sohibi bo‘ldi, balki Chempionlar ligasining chorak finaliga qadar yetib bordi.
Jahon chempionatiga chiqa olmagan bo‘lsa-da, O‘zbekiston yoshlari bilan muxlislarga manzur futbol ko‘rsata olgan Jasur Abduraimov kuchli uchlikni yakunladi.
Bu qiziq. O‘FF eng yaxshilar nomini oshkor qilguniga qadar Jasur Abduraimov ikki bor jamoa almashtirdi. U avvaliga O‘zbekiston U22 termasiga ustozlik qilgan bo‘lsa, keyin Toshkentning “Paxtakor” klubi bosh murabbiyi sifatida tanishtirildi.
Ma’lumot uchun: Mirko Yelichich va Sergey Lushchanga ovoz berish mumkin bo‘lmasa-da, “Erudit Sport” gazetasi va “Stadion” sayti “Bunyodkor” murabbiyini ikkinchi o‘ringa joylashtirgan, “Futbol Ekspress” esa unga uchinchi o‘rinni bergan. “Futbol Ekspress”, shuningdek, Mirko Yelichichni 1-o‘ringa loyiq ko‘rgan.
Izoh (0)