Qonun hujjatlarini muhokama qilish portalida kema boshqaruvchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, kema boshqarish uchun guvohnomalar taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi Nizom loyihasi e’lon qilindi. Bu haqda “UzNews.uz” xabar bermoqda.
Hujjatga ko‘ra, kema boshqarish uchun guvohnomalar joriy etish rejalashtirilmoqda. Dvigatel quvvatiga ko‘ra guvohnoma 3 guruhga bo‘linadi. Bundan tashqari, kichik hajmli kemalar (gidrotsikl, motorli qayiq, kater, yelkanli kema yoki qayiq) boshqaruvi uchun guvohnomalar joriy etish taklif etilmoqda.
Guvohnoma olish uchun quyidagi muassasalarda ta’lim kurslarini o‘tash lozim:
“Avtodaryotrans–ilm” davlat ilmiy-metodik markazi;
Termiz sanoat va transport o‘rta maxsus kasb-hunar kolleji.
Kurslardan o‘tgan nomzodlar nazariy bilimlarni sinash (test) hamda kemalarni boshqarish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar sinovlaridan o‘tadi. Shundan so‘ng O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti tomonidan yaratiladigan komissiyada nazariy imtihondan o‘tish talab etiladi. Bu imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzod guvohnomaga ega bo‘ladi.
Guvohnoma besh yil davomida amal qiladi, uni olish uchun ma’lum miqdorda to‘lov kiritish talab etiladi. Shu bilan birga, kema boshqaruvchilar har uch yilda malaka oshirib turishi lozim.
Loyiha hozircha muhokama qilinmoqda, unga ma’lum o‘zgarishlar kiritilishi yoxud u butunlay rad etilishi mumkin.
Izoh (0)