O‘zbekiston Birinchi ligasida ishtirok etuvchi “G‘allakor-Barsa” klubining ikki nafar futbolchisi avtohalokatga uchragani haqida xabar berilgandi.
Unga ko‘ra, Tehron Turdialiyev voqea joyida halok bo‘lgani bayon qilingan bo‘lib, Nurbek Safarov shifoxonaga olib ketilgani va komada yotgani aytilgandi. “Championat.asia” nashrining xabar berishicha, kecha — 21-aprel kuni Safarov Samarqand viloyatining Juma shaharchasida so‘nggi yo‘lga kuzatilgan. O‘tgan 17 kun davomida uning ahvolini yaxshilashning iloji bo‘lmagan.
Ma’lumot uchun: Farg‘onaning “Istiqlol” klubi 2-tur doirasida G‘allaorolga safar uyushtirib, “G‘allakor-Barsa” ustidan 1:0 hisobida zafar quchgandi. O‘yindan keyin samarqandlik ikki futbolchi — Nurbek Safarov hamda Tehron Turdialiyev o‘z shahriga avtomashinada yo‘lga chiqqan. Samarqand yo‘lida futbolchilar joy olgan mashina yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.
Mazkur ikki futbolchi o‘tgan mavsumni Samarqandning “Sherdor” jamoasi safida o‘tkazgan. Bu mavsum klub Birinchi ligada ishtirok etmayotgani uchun ularning xizmatidan “G‘allakor-Barsa” foydalanib kelayotgandi.
Izoh (0)