Onlayn-sevgi tufayli politsiyaga yolg‘on ma’lumot bergan kishining qo‘lga olinishi bilan Hindiston politsiyasi mamlakatning uch aeroportida bir vaqtda samolyotlar egallab olinishi haqidagi tahdid bilan bog‘liq ishni ochdi, deb xabar beradi “RIA Novosti”.
16-aprel kuni Hindiston OAV Chennay, Haydarobod va Mumbay shaharlaridagi aeroportlarda bir vaqtda samolyotlar egallab olinishi bilan bog‘liq tahdid tufayli xavf haqida ogohlantiruvchi maxsus rejim ishga tushganini ma’lum qilgan edi. Xabarga binoan samolyotlar 23 kishilik guruh tomonidan bosib olinishi kerak bo‘lgan. Bunday ma’lumot Mumbay politsiyasiga restoranda bu haqda gaplashib o‘tirgan yosh yigitlarni eshitib qolgan noma’lum bir ayoldan kelib tushgan.
Natijada aeroportlar xavfsizlik choralarini kuchaytirdi. Biroq kutilgan xavf va unga urinish yakshanba kuni ham, undan keyingi kunlar ham sodir bo‘lmadi. 20-aprel kuni bunday xavf aslida bo‘lmagani, ushbu yolg‘on xabar asosida Haydarobodda istiqomat qiluvchi shaxsning bir qiz bilan munosabatlari yotgani aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, Vamshi Krishna ismli 30 yoshlar atrofidagi uylangan shaxs bir qizaloqning otasi bo‘lishiga qaramay, Chennayda istiqomat qiluvchi qiz bilan internet orqali munosabatlar o‘rnatadi. Chennaylik qiz Krishnadan Mumbayga bilet olib berishini, u yerdan esa birgalikda Goaga jo‘nashlarini aytib, uni shunga ko‘ndiradi. Biroq sayohatni tashkil qilish uchun yetarlicha mablag‘i bo‘lmagan Krishna o‘zining dasturlashtirish bilan bog‘liq qobiliyatlaridan foydalanib, chennaylik qizga soxta bilet tayyorlaydi.
Sayohat kuni yaqinlashgan sari Krishna yolg‘oni fosh bo‘lishidan cho‘chiy boshlaydi va sayohatni qoldirishning boshqa yo‘lini o‘ylab topadi. Krishna Mumbay politsiyasiga Haydaroboddagi internet-kafedan o‘ylab topilgan ayol nomidan “kutilayotgan xavf” haqida ogohlantirish yuboradi. U mazkur ogohlantirish reyslarning bekor qilinishiga va natijada qiz Chennaydan Mumbayga kelmasligiga sabab bo‘lishini kutadi.
Politsiya Haydaroboddagi internet-kafedan xat yuborilgan vaqt u yerda bo‘lgan 15 nafar mijozni so‘roq qilish natijasida voqeaga oydinlik kiritdi. Krishna sodir etgan qilmishini tan oldi.
Hozircha unga nisbatan qanday jazo qo‘llanilishi haqida ma’lumot berilmadi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)