Dushanbedagi yetim bolalar uchun 1-sonli maktab-internat ishchilari Tojikistonning Asia-Plus nashriga o‘zbekistonlik biznesmenlar tarbiyalanuvchilarni O‘zbekistondan keltirilgan shirinliklar bilan xursand qilganini aytib berdi.
Nashr tafsilotlarni bilish uchun O‘zbekistonning Dushanbedagi elchixonasiga murojaat qildi. Elchixona attashesi Farhod Rahmonberdiyev ma’lum qilishicha, gumanitar aksiyani Dushanbedagi ko‘rgazmada ishtirok etayotgan Toshkentning Sladuce Produce konditer kompaniyasi xodimlari Qahramon Mannopov va Kamoliddin Zokirov o‘z tashabbusi bilan o‘tkazgan.
“Bugun (19-aprel) kompaniya vakillari Dushanbedagi 1-sonli maktab-internatga yigirma kilogramm turli shirinliklarni topshirdi. Ertaga ular xuddi shu miqdordagi konditer mahsulotlarini Tojikistonning qiyin hayotiy vaziyatga duch kelgan fuqarolariga ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi “Karvoni Umid” tashkilotiga topshirishni rejalashtirmoqda”, — dedi Rahmonberdiyev.
Nashr eslatishicha, shu kunlarda Dushanbeda o‘zbek mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Izoh (0)