Rossiyalik sayyoh Vladimir Chernikov Xitoyda joylashgan Yevrosiyoning yetib bo‘lmas qutbini zabt etmoqchi. Bu haqda Rossiya geografiya jamiyatining Sibirdagi ekspeditsiya markazi saytida ma’lum qilindi.
Rossiyalik erkak Yevrosiyoning Qozog‘istondagi markazidan start olib, Xitoy shimoli-g‘arbidagi Shinjon-Uyg‘ur cho‘ligacha yetib borishni rejalashtirmoqda. Urumchidan 320 kilometr uzoqlikda odam qadami yetmas qutb joylashgan.
Ushbu joy transport yo‘llaridan uzoqda bo‘lgani va Yevrosiyodagi yetib borilishi eng qiyin joy bo‘lgani uchun ham shunday ataladi. Bundan tashqari, qutb okeanlardan eng uzoqda – qirg‘oqdan 2645 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Taxminlarga ko‘ra, Chernikov yo‘lning katta qismini velosipedda bosib o‘tadi. Ekspeditsiya may oyida start olishi ko‘zda tutilgan.
Yetib bo‘lmas qutblar konsepsiyasi kanadalik tadqiqotchi Vilyalmur Stefansson tomonidan 1920-yili kiritilgan. Yevrosiyoda yetib bo‘lmas qutb xalqaro ekspertlar tomonidan 2007-yili aniqlangandi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)