Yevropa Chempionlar ligasining chorak final o‘yinlaridan keyin UEFA maydondagi harakatlar borasidagi bir qator statistikalarni ma’lum qildi.
Ular orasida Fransiyaning “Monako” klubiga tegishli bo‘lgan statistika o‘zining eng yaxshi ekani bilan ajralib turibdi. Gap shundaki, Leonardo Jardim murabbiylik qilayotgan klub Chempionlar ligasidagi so‘nggi 11 aniq zarbasida 9 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.
Bu borada monakoliklar tomonidan berilayotgan aniq zarbalarni bartaraf qilish darvozabonlar uchun katta qiyinchilik tug‘dirayotgani ko‘rinib turibdi. “Monako” nimchorak finalning Manchesterdagi o‘yinida 3 ta, “Siti”ga qarshi javob o‘yinida 2 ta gol urdi. Shuningdek, Dortmundda “Borussiya” postiga ham 3 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
“Bavariya” klubi darvozaboni Manuel Noyerda esa aksincha. Seyv namoyish qilishda Germaniya milliy terma jamoasi darvozaboni ko‘pchilikning havasini keltirib ulgurdi. Garchi Myunxen klubi o‘z maydonida “Real”ga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa-da, Noyer 10 ta seyvni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi.
UEFAning qayd etishicha, bunday holat so‘nggi bor 2003/04-yilgi mavsumda kuzatilgandi. Shundan keyin bitta o‘yinda bitta darvozabonga 10 ta seyv namoyish qilish nasib etmagan.
Izoh (0)