O‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov mamlakat milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov to‘p suradigan “Shanxay SIPG” ishtirokidagi o‘yinga bosh hakam etib tayinlandi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati xabar berdi.
Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichining 5-turida shanxayliklar Janubiy Koreyaning “Seul” klubini qabul qiladi. Mana shu uchrashuvda Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar brigadasi ishlaydi.
Ma’lumot uchun, Odil Ahmedov “Shanxay SIPG”ning “Seul”ga qarshi dastlabki o‘yinida to‘liq o‘ynagan bo‘lib, jamoasining 1:0 hisobidagi g‘alabasiga hissa qo‘shgandi. Javob o‘yini orqali shanxayliklar navbatdagi bosqich masalasini ijobiy hal qilishi mumkin.
Ravshan Ermatov esa kecha — 13-aprel kuni O‘zbekiston Birinchi ligasidan joy olgan “NBU-Osiyo” — “Zomin” uchrashuvini boshqarib bordi. Chempionlar ligasining 1/8 finalidan boshlab OFK o‘yinlarni besh nafardan hakam boshqarishini ma’lum qilgan. PFL Ermatovga mamlakat Birinchi ligasi orqali besh nafar hakam bilan ishlab ko‘rish uchun sharoit yaratib bergandi.
Izoh (0)