Qozog‘iston Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Yerik Utembayev bilan intervyu.

Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi — ehtimol, Toshkentdagi eng faol diplomat. Yerik Utembayev muntazam ravishda vazirliklar va idoralar rahbarlari bilan uchrashadi, tez-tez hududlarda bo‘ladi, Qozog‘iston hududlari rahbarlari va biznesmenlarini O‘zbekiston hududlariga olib keladi, o‘zbek biznesmenlari bilan butun Qozog‘iston bo‘ylab safarlar uyushtiradi, o‘zbekistonlik jurnalistlar uchun Olmaotada qardosh mamlakatning eng atoqli madaniyat arboblari bilan uchrashuv tashkil qiladi. “O‘zbekiston menga yaqin, — deydi Yerik Miltikbayevich, — men Janubiy Qozog‘iston viloyatining Qazig‘urt tumanida tug‘ilganman. Bu esa Toshkentdan bor-yo‘g‘i 50 kilometr masofada. Sizning mamlakatingiz va O‘zbekiston xalqi haqida orqavarotdan eshitib o‘rganmaganman”.

photo_2017-04-12_11-48-44

Foto: Facebook / Yerik Utembayev

Sharhlovchimiz Baxtiyor Nasimov suhbat chog‘ida 33 ta savol berdi va O‘zbekiston u uchun Favqulodda va Muxtor Elchi sifatidagi to‘rtinchi xorijiy mamlakat bo‘lgan tajribali diplomat barchasiga hech qanday istisnosiz javob qildi. Suhbat esa, taxmin qilish qiyin bo‘lmaganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yaqinda Ostonaga uyushtirilgan davlat tashrifi haqidagi gapdan boshlandi.

“Oliy darajadagi uchrashuvlar barcha muammoli masalalarni bartaraf qiladi”.

Qozog‘iston tomoni O‘zbekiston Prezidenti tashrifidan kutgan natijalar qanchalik oqlandi? Biz kutgan natijalar to‘liq darajada oqlandi. Oldinda bizni hamkorligimizning butun spektri bo‘ylab erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha ulkan ishlar kutmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizga davlat tashrifi maksimal darajada amaliy mazmun-mohiyatga to‘la bo‘ldi. Tashrif doirasida 13 ta hujjat imzolandi. Xalqaro ekspertlar fikricha, Sizning davlatingiz Rahbarining Ostonaga amalga oshirilgan tashrifi tarixiy deb ataldi va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi rivojlanishning yangi darajasiga chiqish imkonini berdi. Qozog‘iston rahbariyati o‘tgan tashrif yakunlarini yuqori baholaydi va ikki tomonlama kontaktlar doirasida sermahsul munosabatlarga umid qiladi.

Bizning yetakchilarimiz qanchalik tez-tez uchrashsa, Elchixonalarning ishlashi shunchalik yengillashadi. Ularning uchrashuvlari sharofati bilan deyarli barcha muammoli masalalar bartaraf etiladi.

“Markaziy Osiyo kelajagi uchun mas’uliyat — Qozog‘iston-O‘zbekiston hamkorligiga xos xususiyat”.

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston, BMT Xavfsizlik kengashi a’zosi sifatida, Markaziy Osiyoning dolzarb nuqtasi — Afg‘oniston muammosini hal etishda ko‘maklashishi mumkinligini ta’kidladi. Qozog‘iston va O‘zbekiston uchun mintaqaviy xavfsizlik masalalari muhokamasi doim Afg‘oniston muammosiga borib taqaladi. Qozog‘iston o‘zining BMT Xavfsizlik kengashidagi a’zoligi doirasida bu yo‘nalishni birlamchi masala sifatida tanladi.

Prezident Sh. Mirziyoyev birgalikdagi harakatlargina ushbu “qaynoq nuqta”ni sovitish imkonini berishini haqqoniy ravishda qayd etdi. Albatta, butun dunyo hamjamiyatining faol ishtiroki talab etiladi. Biroq faqat Markaziy Osiyo davlatlarining ushbu yo‘nalishdagi umumiy va jipslashtirilgan harakati afg‘on muammosini bartaraf etish uchun sharoitlar yaratishda yordam beradi. Qozog‘iston Afg‘oniston bilan gumanitar sohada faol ishlamoqda (biz muntazam ravishda gumanitar yordam ko‘rsatamiz, o‘z hisobimizdan talabalar va mutaxassislarni o‘qitamiz), O‘zbekiston esa “dunyo infratuzilmasi”ni qurishda boy tajribaga ega (yo‘llar yotqizilmoqda, ko‘priklar, maktablar va kasalxonalar qurilmoqda).

Bizning pozitsiyalarimiz bu masalada o‘xshash. Bizning fikrimizcha, Afg‘oniston ichidagi milliy dialoggina afg‘on jamiyati ichkarisidagi manfaatlar muvozanatlashishiga, ichki keskinlikning pasayishiga va mamlakatdagi xavfsizlikning mustahkamlanishiga haqiqatda ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

“O‘zbek biznesi uchun Qozog‘istonda g‘oyatda keng imkoniyatlar mavjud”.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini qanday kuchaytirish mumkin? Mustaqillik yillari davomida biz davlatlarimiz o‘rtasidagi ishonchli va faol aloqani nafaqat saqlab qolishga, balki mustahkamlashga ham muvaffaq bo‘ldik. Biz uchun O‘zbekiston — eng yaqin qo‘shni davlat, vaqt sinovidan o‘tgan do‘st va ishonchli sherik.

Bugun mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy kooperatsiyani rivojlantirish o‘zaro hamkorlikning eng afzal ko‘rilgan shakli bo‘lib qolmoqda.

Biz uzunligi ikki ming kilometrdan ziyod katta ko‘lamli umumiy chegaraga egamiz. Qozog‘istonning to‘rtta: Janubiy Qozog‘iston, Qizilo‘rda, Aqto‘be va Mang‘istov viloyatlari O‘zbekiston bilan chegaradosh. Mavjud potensialni to‘liq hajmda amalga oshirish kerak.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga davlat tashrifi doirasida hududlararo hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim imzolandi, u hududlar o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlik uchun asosiy yo‘nalishlarni belgilab beradi. Hududlarning iqtisodiy hamkorligida asosiy urg‘ular sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transport va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga berilishi kerak.

Kelajakda biz yanada balandroq darajaga chiqishimiz — Chegara yaqinidagi savdo markazini yaratishimiz va Hududlar forumini o‘tkazishimiz mumkin.

Bizning ikki tomonlama hududiy hamkorligimizdagi progress butun Markaziy Osiyo mintaqasida kompleks hududiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam asos yaratishi mumkin.

Bugun bizning munosabatlarimiz sifatli va yangi mazmun-mohiyat bilan boyimoqda, biz maksimal darajada joiz bo‘lgan masalalar doirasida o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganmiz. Elchixona o‘z navbatida ko‘prejali Qozog‘iston-O‘zbekiston dialogini mustahkamlash va yanada kengaytirish bo‘yicha butun kuchini ishga solishga tayyor.

O‘zbek biznesi uchun Qozog‘istonda g‘oyatda keng imkoniyatlar mavjud va, biz, o‘z tomonimizdan, bizning bozorga kirishda har tomonlama ko‘mak beramiz.

“Qozog‘iston O‘zbekiston uchun o‘z bozoriga erkin kirish imkoniyatini taqdim etadi”.

Siz O‘zbekiston hukumatidan O‘zbekistondagi Qozog‘iston kompaniyalari uchun savdo shartlarini yengillashtirishni so‘raysizmi? Oxirgi vaqtlarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasi keskin o‘sdi, chegaralarimizning o‘tkazuvchanlik qobiliyati oshdi, yangi turdagi mahsulotlar yetkazib berilmoqda. Shu bilan bir vaqtda, o‘zaro savdo holatiga salbiy ta’sir o‘tkazayotgan qator to‘siqlar ham bor. Masalan, O‘zbekistonda aksiz soliqlarining borligi bizning mahsulotlarimiz (un, makaronlar, sopol plita, jami 190 dan ortiq mahsulotlar yoki Qozog‘iston eksportining 30 foizi) o‘zbek bozoriga kirib borishida jiddiy to‘siq bo‘lib xizmat qiladi.

Shunga qaramay, Qozog‘iston O‘zbekiston uchun o‘z bozoriga erkin kirish imkoniyatini taqdim etgan.

Ammo o‘tgan yilning sentabridan mamlakatlarimizning manfaatdor organlari ikki tomonlama savdoni rag‘batlantirish uchun barcha to‘siqlarni bartaraf etish ustida ishlamoqda. Umuman olganda, savdodagi to‘siqlarni olib tashlash nafaqat o‘zaro savdo hajmini, balki ishlov berilgan mahsulotlarni ishlab chiqarishga investitsiyalar hajmini ham oshirish imkonini beradi. Bu davlatlarimizning qo‘shma va uzoq muddatli manfaatlariga javob beradi.

Foto: Facebook / Yerik Utembayev

Foto: Facebook / Yerik Utembayev

“Ikki mamlakat tadbirkorlari tomonidan hamkorlik to‘g‘risida jami 840 million dollarlik 92 ta hujjat imzolandi”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat tashrifi doirasida Qozog‘iston-O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, unda ikki davlatdan 500 nafar tadbirkor qatnashdi. Amaliy yechimlar qanaqa bo‘ldi?

Iqitisodiy xususiyatga ega hamkorlik to‘g‘risida jami 97 million dollarlik o‘nta hujjat imzolandi, ular orasida quyidagilar ham bor:

  1. “Sari arka Avtoprom” MChSh va “O‘zavtosanoat” AK o‘rtasida GM Uzbekistan AJ avtomobillarini yig‘ish korxonasini (SKD) tashkil etish haqida 17 million dollarlik bitim;
  2. “KazMunayGaz” MK va “O‘zbekneftgaz” MXK o‘rtasida neft xomashyosini yetkazib berish va tranzit qilish sohasida Hamjihatlik haqida memorandum;
  3. “A-Frukts” MChSh va “O‘zagroeksport” AJ o‘rtasida yangi uzilgan va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha 30 million dollarlik shartnomalar;
  4. “NefteximTreyding” Qozog‘iston-O‘zbekiston Savdo uyi” MChSh va “O‘zsanoateksport” AJ o‘rtasida tovarlar eksportiga 20 million dollarlik konsignatsiya shartnomasi;
  5. “Markaziy Osiyo Savdo uyi” MChSh va “O‘ztadbirkoreksport” AJ o‘rtasida yangi uzilgan va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha 30 million dollarlik shartnomalar;
  6. “Janubiy Qozog‘iston farmatsevtika klasteri assotsiatsiyasi” YuShB va “O‘zfarmsanoat” Davlat aksiyadorlik konserni o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum;
  7. “TengriBank” AJ va “Asaka” banki o‘rtasida moliyaviy bozorlarda operatsiyalar o‘tkazishning umumiy shartlari haqidagi umumiy bitim;
  8. “KaznexInvest” EIMA” AJ va O‘zbekiston Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi o‘rtasida Hamjihatlik to‘g‘risida memorandum;
  9. “Qozog‘iston tashqi savdo palatasi” MChSh va O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida hamkorlik haqida bitim;
  10. “Qozog‘iston tashqi savdo palatasi” MChSh va O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida “Qozog‘iston-O‘zbekiston” ishbilarmonlik kengashini tuzish haqida kelishuv.

Umuman olganda, Qozog‘iston-O‘zbekiston biznes-forumi va o‘zbek kompaniyalari mahsulotlarining ko‘rgazmasi yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat tadbirkorlari tomonidan hamkorlik to‘g‘risida jami 840 million dollarlik 92 ta hujjat imzolandi.

“Umumiy davlat chegarasini kesib o‘tish tartibini soddalashtirish ustida katta ish amalga oshirilmoqda”.

O‘zbekiston bilan hamkorlikning eng birlamchi va istiqbolli yo‘nalishlari. Ikki tomonlama aloqalarda eng muhim masalalar hamisha savdo-iqtisodiy hamkorlikka borib taqalgan. Muhim qadam ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli eksport yetkazib berishlarni chuqurlashtirish va rag‘batlantirish, yetkazib beriladigan mahsulotlar spektrini kengaytirish bo‘lishi kerak.

Biz mintaqaviy va chegaradagi hamkorlik salohiyatidan to‘liq hajmda foydalanishimiz kerak. Hududlarni rivojlantirish uchun eng muhim masalalar qatoriga ikki davlat erkin iqtisodiy zonalari (EIZ) o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, ikkala davlat hududlari bo‘ylab transport kommunikatsiyalari, yuk va yo‘lovchi tashuvlari, tranzitni rivojlantirish sohasi kiradi. Bundan tashqari, hududlararo hamkorlikni amalga oshirishda qo‘shma korxonalar, chegara yaqinidagi savdo markazlari, sanoat va qishloq xo‘jalik klasterlarini tuzish kabi samarali shakllardan foydalanish rejalashtirilmoqda.

Bu ishni tezlashtirish uchun elchixona Qizilo‘rda va Sharqiy Qozog‘iston viloyatlari hokimlarining Navoiy, Samarqand viloyatlariga va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashriflarini tashkil qildi. Qarag‘andi, Aqto‘be va Janubiy Qozog‘iston viloyatlari hokim o‘rinbosarlarining Toshkent va Toshkent viloyatiga tashriflari tashkil etildi. Yaqin orada Navoiy viloyati hokimining Qizilo‘rdaga va Jizzax viloyati hokimining Tarazga javob tashriflari kutilmoqda.

Umumiy davlat chegarasini kesib o‘tish tartibini soddalashtirish ustida katta ish olib borilmoqda. Bunda gap M39 trassasida joylashgan yangi o‘tish punktlarining ochilishi, ko‘pchilik chegara punktlari ish rejimining kunduzgidan kecha-kunduzgiga o‘zgarishi, shuningdek, ularning ikki tomonlamadan ko‘p tomonlamaga o‘zgarishi haqida bormoqda.

“Shimol-Janub” tranzit-transport yo‘lagidagi qo‘shma infratuzilma loyihalari, Afg‘oniston va Eron yo‘nalishidagi tranzit magistral yo‘llar ham istiqbolli hisoblanadi, “Beyneu—O‘zbekiston chegarasi” avtomobil yo‘lining tugallanishi esa O‘zbekiston tomonidan Kaspiy dengizidagi portlarning qo‘llanilishi uchun imkoniyatlar yaratadi.

Mudofaa va aerokosmik sanoat sohasidagi, Yerni masofadan zondlash sohasida tajriba almashish, shuningdek, O‘zbekiston telekommunikatsiya va teleradiouzatish tarmoqlari operatorlari manfaatlari yo‘lida “KazSat” kosmik aloqa tizimi xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha hamkorliklar ham rivojlanish yo‘liga o‘tdi.

Konseptual planda Qozog‘iston va O‘zbekiston bugun shunchaki strategik munosabatlar namunasini emas, balki o‘zlarining ilg‘or sherikligining noyob shaklini namoyish qilmoqda. Uning asosi keng formatli hamkorlik, bir-biriga samimiy hurmat bilan to‘ldirilgan. Qandaydir yechilmagan masalalarning, ayniqsa, muammolarning yo‘qligi, barcha mintaqaviy va xalqaro masalalarga nisbatan qarashlarning va yondashuvlarning umumiyligi, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish borasidagi qat’iylik, shuningdek, Markaziy Osiyo kelajagi uchun mas’uliyat Qozog‘iston-O‘zbekiston hamkorligiga xos xususiyat hisoblanadi.

“Qozog‘iston va O‘zbekiston bir-biriga samimiy hurmat namunasini namoyish qilmoqda”.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mahsulot aylanmasining asosiy ko‘rsatkichlari va istiqbollari. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar olg‘a qarab rivojlanishning yangi va sifatli bosqichiga o‘tmoqda, u savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish bilan tavsiflanadi.

Mahsulot aylanishi 2016-yilda 1,5 milliard dollardan ortiqni tashkil etdi va 2015-yilga nisbatan deyarli 10 foizga qisqardi (2015-yilda tovar aylanishi 1,67 milliard dollarga teng bo‘lgan edi).

Shu bilan birga, sof qiymatdagi savdo hajmi 36,5 foizga, yakuniy qayta ishlangan mahsulot esa 30 foizdan ziyodroqqa ko‘paydi. Shu tariqa, o‘zaro savdo hajmlarining real qisqarishi kuzatilmadi.

Bu o‘zaro savdoni rivojlantirish uchun ahamiyatli potensial borligidan darak beradi, deb hisoblayman. Bizda tovar aylanmasini bir necha barobar ko‘paytirish uchun barcha zaxiralar va shart-sharoitlar mavjud. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yaqinda Ostonaga amalga oshirilgan davlat tashrifi yakunlariga ko‘ra, biz uni 2020-yilga qadar bir necha baravar, ya’ni 5,0 milliard dollargacha ko‘paytirishga kelishib oldik, buning uchun esa bizda barcha sharoitlar va zaxiralar bor.

2015-yildan 2016-yilning 9 oyigacha bo‘lgan davrda O‘zbekistondan Qozog‘istonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning yalpi oqimi 16,1 million dollarni tashkil etdi, Qozog‘istondan O‘zbekistonga investitsiyalar esa 259,8 million dollarga teng bo‘ldi.

Yerik Miltikbayevich Utembayev

1966-yil 24-fevralda Chimkent viloyatida tug‘ilgan. S.M. Kirov nomidagi Qozog‘iston davlat universitetini tugatgan. Fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent.

1990—2000-yillar. Al-Forobiy nomidagi Qozog‘iston davlat Milliy universiteti: aspirant; katta o‘qituvchi, iqtisodiyot va jamiyatshunoslik fakulteti dekani o‘rinbosari; Iqtisodiyot va huquq instituti o‘quv ishi bo‘yicha direktori o‘rinbosari, doktorant.

2000—2001-yillar. Qozog‘iston Respublikasi Xavfsizlik Kengashining Iqtisodiy xavfsizlik masalalari bo‘yicha bo‘limida mudir o‘rinbosari — sektor mudiri.

2001—2002-yillar. Qozog‘iston Respublikasi Strategik rejalashtirish agentligi raisi o‘rinbosari.

2002—2005-yillar. Qozog‘iston Respublikasi Xavfsizlik Kengashi kotibi o‘rinbosari — Qozog‘iston Respublikasi Xavfsizlik Kengashi kotibiyati mudiri.

2005—2006-yillar. Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining alohida topshiriqlari bo‘yicha elchi — Kaspiy dengizining huquqiy maqomi masalalari bo‘yicha muzokaralarda Qozog‘iston Respublikasi vakili.

2006—2009-yillar. Qozog‘iston Respublikasining Eron Islom Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi.

2009—2012-yillar. Qozog‘iston Respublikasining Belgiya Qirolligi va Lyuksemburg Buyuk Gersogligidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi; qo‘shimcha ravishda Qozog‘iston Respublikasining Yevropa Ittifoqi va NATOdagi vakolatxonalari rahbari.

2012—2016-yillar. Qozog‘iston Respublikasining Polsha Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi.

2016-yil aprelidan — Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi.

“Mamlakatingiz bilan do‘stlik va hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan yo‘limiz o‘zgarishsiz qolmoqda”.

O‘zbekiston iqtisodiyotining qozog‘istonlik investorlar uchun eng katta qiziqish uyg‘otadigan sohalari. Hududlarning iqtisodiy hamkorligida asosiy urg‘ular sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transport va qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga berilishi kerak.

O‘zaro savdoda xomashyo mahsulotlari ko‘proq ustun keladi, ularning ulushi 56 foizga teng. Ishlov berilgan mahsulotlar hissasi O‘zbekiston bilan tovar aylanmasida 44 foizni tashkil etadi. Shu bilan birga, Qozog‘iston Respublikasining umumiy tovar aylanmasi hajmi 62 milliard dollarni tashkil qiladi, shuning 35,9 milliard dollari yoki 58 foizi ishlov berilgan mahsulotlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

2015—2016-yillarda Qozog‘istondan O‘zbekistonga eksport qilingan mahsulotlar asosan bug‘doy doni va zaytun mevalari, un, rux rudalari va konsentratlar, temirdan yarim tayyor mahsulotlar, neft xomashyosi va boshqalar bo‘ldi.

Qozog‘iston O‘zbekistondan import qilib olgan asosiy mahsulotlar esa 2015—2016-yillarda quyidagilar bo‘ldi: tabiiy gaz, yangi uzilgan uzum, tomatlar, olcha va gilos, quritilgan uzum va boshqalar.

Qozog‘istonlik investorlar O‘zbekistonning quyidagi sohalariga qiziqish bildirmoqda: qurilish, kimyo tarmog‘i, gazni chuqur qayta ishlash, infratuzilma loyihalari, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, mashinasozlik va boshqalar.

“Tarix, til va urf-odatlarning umumiyligi, xalqlarimizning qo‘shnichiligi yaqin Qozog‘iston-O‘zbekiston hamkorligini oldindan belgilab berdi”.

Gumanitar aloqalar. Tarix, til va urf-odatlarning umumiyligi, xalqlarimizning qo‘shnichiligi Qozog‘iston-O‘zbekistonning madaniy-gumanitar sohadagi yaqin hamkorligini oldindan belgilab berdi. Bizning munosabatlarimizga o‘zgacha xususiyatni Qozog‘iston va O‘zbekistonda istiqomat qiladigan diasporalar baxsh etadi. Ular ikki mamlakat o‘rtasidagi “jonli ko‘prik”dir. Madaniy hamkorlik, ilm va ta’lim sohasidagi o‘rtoqlik bizni qoniqtirmaydi. Men Fanlar akademiyasi rahbariyati, Madaniyat vazirligi bilan uchrashuvlar o‘tkazdim va biz hamkorlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha qator vazifalarni belgilab oldik. Hozir 2018-yilni O‘zbekistonda Qozog‘iston yili deb, 2019-yilni Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e’lon qilish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu tadbirlar doirasida ikki tomonlama hamkorlikning barcha sohalarini qamrab oluvchi chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish, ayniqsa, aynan gumanitar-madaniy yo‘nalishni kuchaytirish rejalashtirilmoqda.

“Hal etib bo‘lmaydigan masalalarning o‘zi yo‘q”.

Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi roli haqida. Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘z aloqalarining butun davri davomida serqirra ikki tomonlama hamkorlikning barcha masalalari bo‘yicha hamjihatlikka kela olgan. Ammo ikki tomonlama hamkorlik potensialidan hozircha to‘liq foydalanilmayapti. Qozog‘istonning O‘zbekistondagi Elchisi etib tayinlanganimga deyarli bir yil bo‘ldi. Shu vaqt ichida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirishga erishildi. Shunday qonuniyat borki, u yoki bu ishni amalga oshirishga kirishayotganda, dastlab u murakkab tuyuladi, ammo uni bajarganing sari, qadam-baqadam — ko‘rib boramizki, hal etib bo‘lmaydigan masalalar yo‘q. Ustiga-ustak, ikki qo‘shni qardosh xalqlar o‘rtasida.

Mening asosiy vazifam — barcha sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni o‘stirish, ikki xalq manfaati yo‘lida ishlash. Bu ma’noda baxtim chopgan: mamlakatlarimiz va xalqlarimiz barcha sohalarda yaqin hamkorlik qiladi, munosabatlar esa shunchalik chirmashib ketganki, faqat qo‘llab-quvvatlash va hamkorlikning yangi yo‘llarini topish qoladi, xolos. Ular esa yetarlicha. Buni Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Qozog‘istonga yaqindagi tashrifi ham tasdiqladi.

Men o‘zim uchun birinchi navbatda Qozog‘iston va O‘zbekiston hududlari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish kerakligini belgilab oldim. Bir vaqtning o‘zida ikki davlat vazirliklari va idoralari, ikki davlat biznes-tuzilmalari o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirishga kirishdik. Ham Qozog‘istonda, ham O‘zbekistonda savdo uylarini ochish va kuchaytirish kerak bo‘lgan boshqa ko‘plab yo‘nalishlar.

Diplomatning bo‘sh vaqti. U unchalik ko‘p emas, biroq bunday vaqt topilsa, men madaniy-tarixiy joylarga, bog‘larga, shuningdek, teatr va kinoteatrlardagi turli premyeralarga tashrif buyurishni sevaman. Qulay fursat tug‘ilganida, ko‘pincha dam olish kunlari oilam bilan Toshkent shahridagi bog‘lar bo‘ylab piyoda sayrlarga chiqishni afzal ko‘ramiz. Axir bekorga Toshkent “bog‘ shahar” deb atalmaydi.

Dam olish vaqtimni faol o‘tkazishni yoqtiraman. Katta tennis va golfga qiziqaman. Do‘stlarim mehmonga kelganida, ular bilan Toshkentdagi yaxshi jihozlangan golf klubiga boramiz.

Mamlakatning yetakchi gazetalari: “Pravda Vostoka”, “Narodnoye slovo”, “Uzbekistan Today”, “Nurli jol” va boshqalarni o‘qib boraman. Ba’zan o‘zbek tilidagi yangiliklarni, shu jumladan, “Daryo” nashri xabarlarini ham o‘qib turaman. O‘zbekistonni yaqindan tanib olishda televideniye ham katta rol o‘ynadi. Axborot, madaniy-tarixiy va ilmiy dasturlarni tomosha qilishni afzal ko‘raman.

Xayrlashish oldidan uchta savol

Foto: Maqsad Jangirov

Foto: Maqsad Jangirov

Tasavvur qiling, Sizni hozir butun O‘zbekiston aholisi o‘qimoqda. Siz ularga nima degan bo‘lardingiz? Ushbu bahor faslida tabiat, yer va butun tirik jonzotlar yangilanadi. Men barchangizga, buyuk qardosh o‘zbek xalqiga tinchlik va gullab-yashnashni tilab qolaman. Butun Qozog‘iston bizning strategik sherigimiz, qo‘shnimiz va qardoshimiz bo‘lgan o‘zbek xalqiga baxt-saodat tilaydi. Sizning mamlakatingiz bilan do‘stlik va hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan yo‘limiz o‘zgarishsiz qoladi.

Sizni O‘zbekistonda qanday eslab qolishlarini istardingiz? Har bir kishi o‘z faoliyati davomida barcha rejalari va orzularini amalga oshirishga ulgurishni istaydi. Men ham bundan istisno emasman. Bizning ishimiz — Qozog‘iston va O‘zbekistonning ikkita tashqi siyosiy muassasalarining kollektiv mehnati. Biz haqimizda xalqlarimiz manfaatlari yo‘lidagi aniq ishlar va loyihalar so‘zlasin.

Sizda bitta nomoddiy mo‘jizani amalga oshirish imkoniyati bo‘lganida, nima qilardingiz? Elchining asosiy vazifasi — bu ikki xalq o‘rtasida do‘stlik ko‘prigini qurish va shunga yarasha, diplomatlarning asosiy burchi — dunyoda nizolar va urushlar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik. Dunyo hamjamiyatida tinchlik va barqarorlik, barcha nizolarning bartaraf etilishi — mening nomoddiy mo‘jiza haqidagi orzuim shular.

Baxtiyor Nasimov, sharhlovchi.