Milliarder Alisher Usmonov Aleksey Navalniyning Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev haqidagi filmida tilga olingan bitim boshqa yer maydoni bo‘yicha oldi-sotdining bir qismi bo‘lganini aytdi, deb yozadi “RIA Novosti”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Navalniyning “tekshiruvi”da tilga olinadigan yer maydonini Usmonov dastlab o‘z singlisi uchun sotib olgan, ammo u u yerda yashashni istamagan.
“Agar Navalniy mening kompaniyalarim manfaatlariga vakillik qiluvchi rasmiy shaxslardan so‘raganida, aniq javob olardi va hech narsani to‘qib chiqarish kerak bo‘lmasdi. Uni qiziqtirayotgan shartnoma janob Yeliseyev rahbarligidagi fondning boshqa yer maydoniga tegishli bitimning bir qismi ekanligini tushuntirishgan bo‘lardi”, — dedi Usmonov “Vedomosti” gazetasiga bergan intervyusida.
Biznesmen aniqlik kiritishicha, Ilya Yeliseyevning “Sotsgosproyekt” fondiga ushbu yer maydonini topshirgan, evaziga esa o‘z yer maydoni yonidan boshqa yerga ega bo‘lgan. Usmonov aytishicha, fond uning yer maydoni yaqinida beshta uy-joy qurishdan iborat developerlik loyihasini amalga oshirishni rejalashtirgan.
Avvalroq Alisher Usmonov muxolifatchi Aleksey Navalniyni sudga berishi va huquq-tartibot organlariga ariza yozib, uning gaplarini tuhmat deb atashini aytgan edi.
Navalniy YouTube’ga go‘yoki Dmitriy Medvedevning mol-mulki haqida hikoya qiluvchi filmni joylagan, unda Usmonov ham tilga olingan edi.
Izoh (0)