Noma’lum xaker AQShning Texas shtatidagi Dallas shahri xavfsizlik tizimini buzdi va shaharning 156 ta sirenasini masofadan boshqarish imkoniyatini qo‘lga kiritib, ularni eng baland ovozda ishga tushirib yubordi. Bu haqda USA Today xabar berdi.
Nashr tomonidan xabar qilinishicha, xavf-xatar va tabiiy ofatlar haqida ogohlantiruvchi qurilmalar shanba kuni kechasi tungi soat 23:00 dan yarim tungacha ishlagan. Xaker har bir sirenani 60 martadan ishga tushirgan.
Qo‘rquvga tushgan odamlar qutqaruv xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib nima bo‘layotganini tushuntirishga harakat qilgan. Qutqaruv xizmatiga taxminan 4,4 mingta qo‘ng‘iroq amalga oshirilgan.
Dallas meri Mayk Rolings noma’lum xaker favqulotda ogohlantirish tizimini ishdan chiqarishga harakat qilganini ma’lum qildi va aybdorlarni izlab topishini va ularni sudga berishni va’da qildi. “Bu shahrimizning texnologik infratuzilmasini yangilashimiz va uning himoyasini yaxshilashimiz kerakligini ko‘rsatuvchi jiddiy misol”, — deb qo‘shimcha qildi Rolings.
Biroq, Dallas favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i Rokki Vazning so‘zlariga ko‘ra, xakerni topish oson bo‘lmaydi. Aybdorni topguncha ko‘p vaqt o‘tib ketadi.
Shahar sirenalari dushanbadan boshlab odatiy tartibda ishlamoqda.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)