O‘zbekiston va Rossiya olimpiya terma jamoalari 27-may kuni Toshkentda o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati xabar berdi.
2018-yil bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatining saralash o‘yinlariga O‘zbekiston terma jamoasini Jasur Abduraimov murabbiy sifatida tayyorlamoqda. Kelishuvga ko‘ra, uning 1996 va 1997-yilda tavallud topgan futbolchilari Rossiyaning shu yoshdagi termasiga qarshi o‘yin o‘tkazadi.
Qiziq tomoni, har ikki mamlakatning 1996-yilda tug‘ilgan futbolchilari o‘z qit’asining chempionlari hisoblanadi. Rossiya o‘smirlari 2012-yil Yevropa chempionatida g‘olib chiqqan bo‘lsa, Dilshod Nuraliyev murabbiylik qilgan O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo chempionatida zafar quchgandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi 2018-yil Xitoyda bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatida ishtirok etish uchun shu yilning 15-iyulida start oladigan saralash bosqichidan omon chiqishi kerak. Saralash o‘yinlariga BAA mezbonlik qiladi.
Izoh (0)