Pekin AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatiga Xitoy ishlariga aralashmaslik va buning evaziga hamkorlik va investitsiyalar siyosatini taklif qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Washington Post gazetasi ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
Nashr avvalroq The New York Times gazetasi tomonidan XXR raisi Si Szinpin va Tramp o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvni tashkil etishda uning kuyovi Jared Kushner asosiy rol o‘ynaganligi haqida chop etilgan ma’lumotni tasdiqladi.
Nashrning ta’kidlashicha, Xitoy Tramp ma’muriyati Si Szinpinning mojarolarning oldini olish va hamkorlikka yo‘naltirilgan “buyuk davlatlar munosabatlarining yangi modeli” konsepsiyasini qabul qilishini istamoqda.
Xitoy AQSh uning asosiy manfaatlariga daxldor, jumladan, Tayvan, Tibet masalalari va ichki ishlariga aralashmasligini istaydi. Buning evaziga Xitoy Trampga bir qator saylovoldi va’dalarini amalga oshirish, jumladan, ish o‘rinlarini yaratishni tezlashtirish imkonini beruvchi investitsiyalarni taklif qilishga tayyor.
The Washington Post’ning ta’kidlashicha, Kushner Amerika—Xitoy aloqalarini sezilarli darajada yaxshilash va kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Amerika yetakchisi xitoylik hamkasbini 6—7-aprel kunlari Floridadagi “Mar-a-Lago” qarorgohida qabul qilishni rejalashtirmoqda.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)