AQSh Davlat departamentining 60 yoshli xodimasi Kendes Kleyborn Xitoy tashqi razvedkasi bilan aloqalarini yashirganlikda ayblanmoqda. Bu haqda “Vedomosti” xabar bermoqda.
Prokuraturaga ko‘ra, Xitoy razvedkasi josuslari Kleybornga o‘n minglab dollar turadigan sovg‘alar hadya etgan, evaziga esa AQShning Xitoyga nisbatan iqtisodiy siyosati haqidagi diplomatik axborot va ma’lumotlar olgan.
Vashington sudida Davlat departamenti xodimiga sud jarayoniga to‘sqinlik qilishga urinish va Federal qidiruv byurosiga yolg‘on ko‘rsatmalar berganlik ayblari ilgari surildi.
Mazkur ish bo‘yicha dastlabki eshituvlar 18-aprelga belgilandi. Ungacha Kleyborn uy qamog‘ida bo‘ladi.
Tergov taxminiga ko‘ra, Davlat departamenti xodimi va uning nomi oshkor etilmagan sherigi 2011-yildan beri hadyalar olib kelgan. Ular pul o‘tkazmalari, tikuv mashinasi, marjonlar, Xitoy modalar maktabidagi o‘qish va Tailanddagi ta’tilning to‘lab berilishi ko‘rinishida bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQShning Afg‘onistondagi elchixonasida narkotiklar saqlagani va iste’mol qilgani uchun 6 kishi lavozimidan chetlatilgani bildirilgandi.
Izoh (0)