O‘zbekistonga uchinchi “Afrosiyob” elektropoyezdining olib kelinganligi munosabati bilan joriy yilning 10-aprelidan boshlab, Toshkent—Samarqand—Toshkent yo‘nalishida ham yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarning muntazam qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Shu sababli “Afrosiyob” elektropoyezdlarining harakatlanish vaqtiga o‘zgartirishlar kiritildi, deb yozadi Uz24.
Toshkent—Qarshi—Toshkent yo‘nalishida 760/759-sonli “Afrosiyob” elektropoyezdi kunning birinchi qismida ertalab soat 7:00 da Toshkent markaziy vokzalidan manzil tomon harakatlansa, kunning ikkinchi qismida soat 16:48 da Qarshi vokzalidan ortga qaytadi.
Toshkent—Buxoro—Toshkent yo‘nalishidagi 762/761-sonli elektropoyezd esa soat 7:30 da poytaxtdan Buxoro tomon harakatni boshlab, shu kuni 15:51 da ortga qaytadi.
Toshkent—Samarqand—Toshkent yo‘nalishida yo‘lga qo‘yilgan 764/763-sonli yuqori tezlikdagi “Afrosiyob” esa ertalab soat 8:00 da vokzaldan jo‘nab, kunning ikkinchi qismi 17:00 da Toshkentga qaytadi.
Shuningdek, 10-apreldan boshlab, Toshkent—Buxoro yo‘nalishidagi “Sharq”, Toshkent—Qarshi yo‘nalishidagi “Registon” hamda 380/379-sonli Toshkent—Termiz yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdlar harakatlanish vaqtiga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Bu borada belgilangan o‘zgarishlarni www.railpass.uz veb-saytidan bilib olishingiz mumkin.
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ Toshkent—Buxoro—Toshkent yo‘nalishidagi “Afrosiyob” elektropoyezdiga 10-aprel sanasidan keyingi qatnov kunlarida chipta xarid qilgan yo‘lovchilarga shu kundan boshlab poyezd Buxoroga 8:00 da emas balki 7:30 da harakatlanishini ma’lum qiladi. Xarid qilingan chiptalarni chiptaxonadan almashtirmasdan turib yangi ko‘rsatilgan vaqtda foydalanish mumkin.
Izoh (0)