BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Ayollar holati bo‘yicha komissiyaning 61-sessiyasi yakunlandi. Unda O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida ayollar roli va mavqeini oshirishga qaratilgan davlat siyosatining faol davom ettirilishi, salomatlik muhofazasi, ayollarni ish bilan ta’minlash borasida axborot berildi. Bu haqda “Jahon” axborot agentligi xabar bermoqda.
Sessiya doirasida hamda uning vazirliklar darajasidagi davra suhbatida ayollar rolini oshirish, ularning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama etildi. Tadbirda BMTga a’zo davlatlar delegatsiyalari, huquqni muhofaza qilish tuzilmalari va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shoira Nurmatova so‘zga chiqib, mamlakatda ayollar huquq va manfaatlarini ta’minlashda erishilgan yutuqlar haqida axborot berdi.
Xususan, O‘zbekistonda ayollar bandligini ta’minlash borasida erishilgan yutuqlar sanab o‘tildi. Ta’kidlanganidek, ish bilan band aholining 44 foizini ayollar tashkil etadi. Kichik tadbirkorlikda ayollar ishtirokining sezilarli darajada oshgani, 35 foiz tadbirkorlik subyekti ular tomonidan tashkil etilib, boshqarilayotgani e’tirof etildi.
Shu qatorda, o‘rta maxsus professional ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash borasida davlat tomonidan olib borilayotgan choralar haqida to‘xtalib o‘tildi.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi davlat ko‘magida kadrlarni qayta tayyorlash va yangi mutaxassisliklarga o‘rgatish bo‘yicha bepul kurslar tashkil etayotgani ta’kidlandi. “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)