Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutida “Mustaqil nodavlat notijorat tashkilotlari rivojlangan tizimini shakllantirish: O‘zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot” mavzuida O‘zbekiston—AQSh davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tadbir Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi tomonidan tashkil etildi.
Unda Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat boshqaruvi organlari mutaxassislari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari, AQSh ekspertlari ishtirok etdi.
Anjumanda fuqarolik jamiyati rivojlanishi, nodavlat notijorat tashkilotlarining mamlakatdagi muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishdagi faolligini oshirish borasida o‘zaro fikr va tajriba almashildi.
Davra suhbatida NNTlarni rivojlantirish, davlat va jamiyatni boshqarish, mamlakatimizni har sohada taraqqiy ettirishda ularning o‘rni hamda ahamiyatini izchillik bilan oshirish borasida O‘zbekistonda to‘plangan tajriba haqida so‘z yuritildi.
Jon Xopkins universiteti qoshidagi Fuqarolik jamiyatini o‘rganish markazi direktori Salamon Lester O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarining ijtimoiy ahamiyatga molik loyiha va dasturlar samaradorligini oshirish maqsadida ajratilayotgan davlat grantlari, ijtimoiy buyurtma va subsidiyalar ko‘rinishidagi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar e’tiborga molik ekanini ta’kidladi.
Anjumanda O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlarning nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga oid ilg‘or tajribalari haqida fikr almashildi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)