Suriya — O‘zbekiston o‘yinidan keyin o‘zbekistonlik futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev o‘zining Facebook sahifasida ayrim raqamlarga e’tibor qaratdi. Bunda u Wyscout kompaniyasi mutaxassisi Oleg Sagaydak taqdim etgan statistikani o‘z o‘quvchilari bilan bo‘lishgan.
Ma’lum bo‘lishicha, to‘p uzatmalari borasidagi ko‘rsatkich 319 ga 366, O‘zbekiston foydasiga. Birinchi bo‘limdagi ko‘rsatkich 155—206 bo‘lsa, ikkinchi 45 daqiqalikda 164—160. Ko‘rinib turibdiki, ikkinchi bo‘limda suriyaliklar o‘yinida o‘sish kuzatilgan.
Hujum chizig‘idagi harakat borasida esa ustunlik Suriya tomonida: 77 (32+45). O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich 53 (19+34). Bundan kelib chiqadiki, Suriya O‘zbekistonga nisbatan xavfliroq o‘ynagan.
Samvel Babayan jamoasining har yetti uzatmasidan bittasi oldingi chiziqqa to‘g‘ri keladi. Suriya esa har to‘rtta uzatmasidan birini aynan hujum chizig‘ida bergan. Bu raqib o‘yinida sifat nisbatan yaxshiroq ekanidan dalolat beradi.
Golli vaziyatlar borasida ham ustunlik Suriya tomonida — 6:4. Darvozaga zarbalarda ham shunday holat — 15:10. Hujumni yakunlash — 39:23. Pozitsion hujum — 13:4.
Hujumni to‘sishda eng yaxshi ko‘rsatkich o‘zbekistonlik futbolchilarga tegishli. Aziz Haydarov 12 bor, Anzur Ismoilov esa 9 bor raqiblari hujumini uzgan. Suriyaning birorta futbolchisida bu ko‘rsatkich 6 tadan ko‘p emas. Ijrochilar O‘zbekistonda yaxshiroq bo‘lsa-da, murabbiy natija qila olmaganini ko‘rish mumkin.
To‘pni mezbonlardan Al-Mavas 11 bor, Server Jeparov esa 9 bor oldirib qo‘ygan.
Izoh (0)