O‘zlari sodir etmagan qotillik uchun qamoq jazosiga hukm qilingan va 16 yildan ortiq qamoq jazosini o‘tagan ikki amerikalikning har biri Ogayo shtati hukumatidan 1,45 million miqdoridagi badal pulini oladi, deb yozadi “TASS”.
Shtat markazi Kolumbus sudi 23-mart, payshanba kuni hukumat va sud xatosi qurbonlari o‘rtasidagi tegishli bitimni tasdiqladi.
Gap 1990-yilda Portidj okrugida 31 yoshli ayolni o‘ldirgani uchun hukm qilingan 53 yoshli Robert Gondor va Rendi Resh haqida bormoqda. Jinoyatda aybdor deb topilgan uchinchi erkak Gondor va Reshni o‘zining sheriklari deb atagan, shundan so‘ng ular hibsga olinib, jazoga hukm qilingan.
Mahbuslarning advokatlari uzoq yillar davomida adolatsiz hukm ustidan shikoyat qilgan. Natijada sud takroriy protsess o‘tkazishga rozi bo‘lgan va jarayon yakuniga ko‘ra Gondor va Resh aybsiz deb topilgan hamda 2007-yilda qamoqdan ozod etilgan.
Ular ozodlikka chiqqandan so‘ng shtatga qarshi da’vo kiritdi va badal puli talab qildi. 2015-yilda shtat rasmiylari ularning har biriga 420 ming dollardan to‘lashga rozi bo‘ldi, biroq sobiq mahbuslar jiddiyroq summaga loyiq ekanligini ma’lum qildi.
Izoh (0)