Britaniya parlamentining 70 dan ortiq deputati “Bi-bi-si” radiostansiyasining bosh direktori Toni Hollga maktub bilan murojaat qildi. Maktubda deputatlar korporatsiyadan tezda Brexit’ni yoritish siyosatini o‘zgartirishni talab qilgan. Aks holda “Bi-bi-si”ning kelajagi savol ostida qolishi mumkin. Bu haqda The Daily Telegraph nashriga asoslanib, “TASS” ma’lum qildi.
Deputatlarning fikriga ko‘ra, “Bi-bi-si” Brexit’ning iqtisodiy ustunliklarini yetarlicha yoritmayapti. Kompaniya Brexit’ga qarshi ovoz berganlarni qo‘llab-quvvatlab, Yevropa Ittifoqidan chiqishga qaror qilgan 52 % britaniyalik haqida unutib qo‘ymoqda.
Maktub oxirida esa parlament a’zolari korporatsiyaga qarshi asosiy ayblovni ilgari surdi. Unga ko‘ra, “Bi-bi-si” dunyo hamjamiyatining ko‘z o‘ngida qirollikning obro‘siga putur yetkazmoqda.
Deputatlar maktubda keltirilgan barcha kamchiliklar yaqin vaqt ichida bartaraf etilishiga umid bildirmoqda.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)