Chempionlar ligasining chorak final juftliklari keng muhokama qilinmoqda. Millionlar o‘yiniga befarq bo‘lmagan muxlislar qur’a avvalida o‘z taxminlarini ham tayyorlab qo‘yishgandi.
Iordaniyalik karikatura ustasi Omar Momani qur’a yakunida bizni oldinda kutib turgan to‘qnashuvlarni 1 ta rasmda ifodalab berdi.
Rasmning yuqorida qismida Zinedin Zidan va Karlo Anchelotti yorliq talashayotgan bo‘lib, bunda Zidan magistr, Anchelotti muallim libosida ko‘rinish bergan. Sir emaski, Karlo Anchelotti “Qirollik klubi”ni boshqarganida Zidan undan ko‘p narsalarni o‘rganib, shogird tushgandi.
Lionel Messi va Gonsalo Iguain kabi hujumchilarni Argentina terma jamoasi bog‘lab turishini siz yaxshi bilasiz. Nafaqat “Barselona”, balki terma jamoasida ham boshqaruvni qo‘lga olishga intilayotgan Messi vazn orttirishda davom etayotgan Gonsaloni koyib turibdi. “Yuventus”da argentinalik yana bir iqtidor — Paulo Dibala ham borligi inobatga olinsa, bu trioning o‘zaro to‘qnashuvi anchagina qiziq bo‘ladi.
Pastroqda Kyellini hamda Suares aks etgan. 2014-yilgi Jahon chempionatida Italiya va Urugvay terma jamoalari to‘qnash kelib, Suares Kyellinining bo‘ynidan tishlab olgandi. Keyinroq hujumchi FIFA tomonidan jiddiy jazoga tortilgan.
Qur’a avvalida “Yuventus” futbolchilari, ayniqsa Kyellini “Barselona”ga raqib bo‘lishni istayotgani haqida aytib o‘tdi. Bunda intiqom ruhi bor. Nafaqat Kyellinida, balki Chempionlar ligasi finalida “Barselona”dan 1:3 hisobida yengilgan “Yuventus”ning barcha futbolchilarida shu kayfiyat.
Dani Alvesh hamda Toni Kroos esa sobiq jamoasi bilan to‘qnash kelib qolgani rasmda ko‘ringan. Biri “Barselona”ning, ikkinchisi esa “Bavariya”ning suratlarini qo‘lga olib, sog‘inch ko‘z yoshlarini to‘kib turibdi.
Izoh (0)