Toshkent metropolitenida harakatlanish pensionerlar uchun 10:00 dan 16:00 gacha bepul bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati “Daryo” nashriga ma’lum qildi.
Xabar berishlaricha, bu masala bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining va Toshkent shahar hokimligining tegishli qarorlari qabul qilingan. Yangilik 15-martdan kuchga kiradi.
Pensionerlik guvohnomasini ko‘rsatgan yo‘lovchilarga maxsus (bepul) jeton beriladi va ular jetonni turniketga tashlab o‘tishlari mumkin bo‘ladi.
10:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida pensionerlarning metropolitendan bepul foydalanishi ehtimoli haqida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016-yili o‘z saylovoldi uchrashuvlaridan birida aytib o‘tgan edi.
2017-yil yanvar oyi boshida bu masala ko‘rib chiqilayotgani ma’lum qilingan edi. Yanvar oyi oxirida esa moliya vaziri o‘rinbosari Mubin Mirzayev pensionerlarga nafaqat metro, balki jamoat transportidan bepul foydalanishga imkon beruvchi qaror “bir oy mobaynida” qabul qilinishini aytib o‘tgan edi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)