Italiyaning dunyodagi eng qadimiy Bolonya universitetida (1088-yilda asos solingan) O‘zbekiston diplomatik missiyasi ko‘magida “Arxeologiya va turizm: O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida hamkorlik” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Jahon” axborot agentligi xabar bermoqda.
Ilmiy-amaliy tadbir O‘zbekiston—Italiya qo‘shma ekspeditsiyasining Samarqand viloyatidagi (Zarafshon vodiysi, Kofirqal’a va Qo‘ytepa) arxeologik topilmalari va tadqiqotlarini namoyish etish, shuningdek, turizmni rivojlantirishdagi hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlandi.
Seminar davomida ishtirokchilar O‘zbekistonning xalqaro bozorga milliy sayyohlik mahsuloti va mamlakat uslubini olib kirish bo‘yicha harakatlarini muhokama qildi.
Unda, shuningdek, yangi kashfiyotlar, tadqiqot ishlari va sayyohlik loyihalari O‘zbekistonda klassik, ilmiy, madaniy-tarixiy turizmni kengaytirishga turtki bo‘lishi ta’kidlandi.