Faoliyatini Eron chempionatida davom ettirayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Server Jeparov fors diyoridagi ilk golini urishga muvaffaq bo‘ldi.
Liganing 23-turida u to‘p suradigan “Sepaxon” klubi o‘z maydonida kuchli to‘rtlikda borayotgan “Zob Ahon” klubini qabul qildi va 2:1 hisobida zafar quchdi. Bellashuvda hisob ochuvchi golga Server Jeparov mualliflik qildi.
Mavsum yakuniga 7 ta tur qolgan bir paytda “Sepaxon” turnir jadvalida 8-o‘rinni egallab turibdi. Umidli tomoni shundaki, klub 4-o‘rindagi “Zob Ahon”dan 2 ochko kamroq jamg‘argan.
Ma’lumot uchun, Jeparovdan gol o‘tkazib yuborgan “Zob Ahon” Chempionlar ligasida “Bunyodkor” bilan bir guruhdan joy olgan. U 1-turni “Al-Ayn” maydonida o‘tkazib, “qaldirg‘ochlar”ni Toshkentda mag‘lub etgan klub bilan durang o‘ynagandi — 1:1.
13-mart kuni “Zob Ahon”ning o‘zi Toshkentga “Bunyodkor” bilan o‘yin uchun tashrif buyuradi.
Eronda faoliyatini davom ettirayotgan yana bir o‘zbekistonlik Aziz Ibragimov jamoasi “Mashinasozi” bilan mag‘lub bo‘ldi. Liganing amaldagi chempioni maydoniga tashrif buyurgan klub 0:1 hisobida yengildi. Ibragimov maydonda 90 daqiqa to‘p surdi.
Oldindagi 7 ta tur davomida Ibragimov jamoadoshlari xavfli zonadan chiqib oladimi yoki yo‘q — aytish qiyin. Shuningdek, Samvel Babayan o‘tgan mavsum “Buxoro”ning eng yaxshi to‘purari bo‘lgan va endi fors chempionatida o‘ynayotgan futbolchini tarkibga chaqiradimi yoki yo‘q — ma’lum emas.
Eron Pro ligasi 23-tur 5-mart, yakshanba
Izoh (0)