O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 6-mart kuni Ashxobodda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakuni bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasida Strategik sherikchilik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Shuningdek, prezidentlar guvohligida 2018—2020-yillarga mo‘ljallangan Iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma, Temiryo‘l transporti sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi memorandum, Madaniy-gumanitar sohada 2017—2019-yillarga mo‘ljallangan hukumatlararo hamkorlik dasturi va Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2017—2018-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.
Turkmaniston Temiryo‘l transporti vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda “Turkmanximiya” davlat konserni O‘zbekiston korxona va tashkilotlari bilan bitimlar imzoladi.
Davlat rahbarlarining “yuzma-yuz” formatdagi muzokaralari vaqtida savdo-iqtisodiy sohalardagi munosabatlarni rivojlantirish masalalari, madaniy-gumanitar aloqalarning muhimligi haqida fikr almashilgan. Energetika va transport sohalari hamkorlikning strategik yo‘nalishlari sifatida e’tirof etilgan.
Ekologik sohadagi ikki tomonlama va xalqaro formatdagi munosabatlarni faollashtirish masalalariga alohida ahamiyat qaratildi. Sayyohlik, gumanitar, ilmiy va sport sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)