Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya tomonidan Donetsk va Lugansk xalq respublikalarining (DXR va LXR) tan olinishi ehtimolini izohladi, deb yozadi “Kommersant”. Jurnalistlarning savollariga javob berayotib, Peskov Rossiyaning tashqi siyosatini davlat rahbari belgilab berishini ta’kidladi.
“Bitta narsani aytishim mumkin: konstitutsiya bo‘yicha Rossiya davlatining tashqi siyosati davlat rahbari, ya’ni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti tomonidan belgilanadi”, — dedi matbuot kotibi.
Nashr eslatishicha, avvalroq OAVlar Davlat dumasining MDH masalalari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Leonid Kalashnikovga tayangan holda, agar Ukraina ushbu hududda jangovar harakatlarni boshlasa, DXR va LXRning Rossiya tomonidan tan olinishi yuz berishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.
Fevral oyida Vladimir Putin DXR va LXRning “aslida amal qiluvchi” hukumat organlari tomonidan berilgan hujjatlarni Rossiyada tan olish haqida farmon imzolagandi. Amal qilish muddati — Donbassdagi “vaziyat siyosiy jihatdan tartibga solingunicha”. Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko buni “xalqaro huquq buzilishining yana bir dalili” deb atadi.
Izoh (0)