Rossiya prezidenti Vladimir Putin Tojikistonga tashrifi vaqtida prezident Emomali Rahmonni Aleksandr Nevskiy ordeni bilan taqdirladi. Bu haqda “Kommersant” xabar bermoqda.
Rossiya rahbari, shuningdek, Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslovni ham Do‘stlik ordeni bilan mukofotladi.
Putin Tojikiston rahbariga ordenni topshirar ekan, Emomali Rahmonga ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash maqsadida amalga oshirayotgan har bir ishi uchun minnatdorchilik bildirdi.
Tashqi ishlar vaziri taqdirlanayotgan vaqtda Rossiya yetakchisi ikki mamlakatning xalqaro arenadagi yaqin hamkorligi hamda ko‘plab xalqaro masalalar bo‘yicha pozitsiyalarning mos tushishini qayd etdi.
Bundan tashqari, Vladimir Putin Emomali Rahmonga tashkil etilgan uchrashuv uchun minnatdorchilik bildirib, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev salomini yetkazdi. Putin Qozog‘iston prezidenti bilan bir necha soat oldin Olmaotada uchrashgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilda Rossiya va Tojikiston diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligini nishonlamoqda.
Fevral oyining boshida Sankt-Peterburg va Novosibirskda Tojikistonning Bosh konsulligi ochildi.
Izoh (0)