23-mart kuni JCh—2018 uchun kurashni davom ettirayotgan Osiyo mamlakatlari so‘nggi saralash bosqichining ikkinchi davrasini boshlab beradi.
Avvalroq Janubiy Koreya terma jamoasi bosh murabbiyi Uli Shtilike Yevropadagi ta’tildan qaytishi hamonoq koreyalik jurnalistlarga intervyu berib o‘tgandi. “Uff.uz” nashri bu safar o‘z e’tiborini Qatar matbuotiga qaratdi.
Unga ko‘ra, qatarliklar allaqachon JCh—2018 saralash o‘yinlari haqida o‘ylashni boshlab yuborgan. 23-mart kuni O‘zbekiston terma jamoasi Suriyaga qarshi saf tortsa, Qatar o‘z maydonida Eronni qabul qiladi. Ko‘rinishidan Xorxe Fossati boshchilik qilayotgan qatarliklar forslarga qarshi o‘yinda qarshi hujum taktikasida harakat qiladi.
Oradan besh kun o‘tib Qatar terma jamoasi Toshkentda O‘zbekistonga qarshi bahs olib boradi. Ketma-ket bo‘lib o‘tadigan mana shu bellashuvlar Qatarning kelgusi taqdiriga oydinlik kiritib berishi mumkin. Mahalliy matbuot guruhda 2-o‘rinni egallash uchun imkoniyatlar yetarli ekaniga bot-bot urg‘u berib, Eron va O‘zbekiston terma jamoalari mag‘lub etilishi kerakligini ta’kidlamoqda.
Qayd etilishicha, mana shu ikki o‘yin uchun katta mukofot puli va’da qilingan. Futbolchilarni rag‘batlantirish uchun beriladigan bu pulning miqdoriga oydinlik kiritilmagan.
Ma’lumot uchun, Qatar 2022-yilgi Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi va unda ishtirok etadi. Mamlakat futbol federatsiyasi esa Rossiya mundialiga ham borishni asosiy maqsad sifatida belgilab olgan.
Izoh (0)